02:55 / 20.12.2025
1 587

Erta gol Dortmundning Borussia klubiga g'alaba keltirdi


Dortmundning Borussia klubi Bundesligada Myonxengladbaxning Borussia jamoasini 2:0 hisobida mag'lub etdi. Uchrashuvdagi tezkor gol o'yin manzarasiga ham ta'sir ko'rsatib, bahs asosan nazorat va epizodlar kurashi ostida kechdi.

10-daqiqada Niklas Zyule Paskal Grossning qisqa pasidan so'ng o'ng qanotdan uzoq ustunga uzatma amalga oshirdi. Jarima maydoni burchagidan to'pni uchishida urgan Yulian Brandt darvozabonga imkon qoldirmadi — 1:0.

Birinchi bo'limda Dortmund yana bir necha bor vaziyat yaratdi. Daniyel Svensson chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirib Seru Girassiga pas uzatdi.

Girassi biroz ikkilanib qolgan bo'lsa-da, to'pni Karim Adeyemiga yetkazdi, biroq uning yetti metrdan yo'llagan kuchli zarbasini darvozabon qaytardi. Mehmonlar tarkibida Florian Noyxaus chap tomondan xavfli uzatma berishga hozirlangan paytda Zyulening vaqtida ishlagan podkati Dortmundni muammolardan qutqardi.

Ikkinchi taymda mehmonlar himoyachisi Kevin Diks to'pni oldinga chiqarishda sustkashlik qildi, Adeyemi esa podkat bilan pressing qilib to'pni olib qo'ydi. To'p Karimning oyog'idan darvozadan sal yuqoriroq uchib ketdi.

Myonxengladbax safida Vael Mohia chap tomondan jarima maydonida to'pni qabul qilib, to'sin ostiga kuchli zarba yo'lladi, biroq Dortmund darvozaboni jamoasini qutqarib qoldi. Keyinroq Kevin Shtyogerning xatosidan so'ng Maksimilian Bayer markaziy doiradan raqib darvozasi tomon qochib ketdi, jarima maydoniga kirib o'ng burchakka zarba berdi, ammo darvozabon seyv qayd etdi.

O'yindagi yakuniy nuqta 90-daqiqada qo'yildi. So'nggi hujumda Fabio Silva Yan Koutudan uzatma olib jarima maydonigacha yetib bordi va bo'sh turgan Bayerga pas uzatdi.

Bayer chap oyog'i bilan 14 metrdan aniq zarba berib hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirdi. Bu g'alabadan so'ng Dortmundning Borussia klubi turnir jadvalida sof ikkinchi o'ringa ko'tarildi va peshqadam Bavariyadan olti ochko ortda qolmoqda.

Myonxengladbaxning Borussia jamoasi esa 11-o'rinda bormoqda.
Dortmundning Borussia, Bundesligada g'alaba, Niklas Zyule, Karim Adeyemi, Turnir jadvali
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing