02:31 / 18.12.2025
2 674

«Manchester Siti» «Brentford»ni mag‘lub etdi va yarim finalga chiqdi

Angliya Liga kubogi yarim finali doirasida Xosep Gvardiola shogirdlari navbatdagi muhim to‘qnashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. «Manchester Siti» o‘z maydonida «Brentford»ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va turnirdagi yurishini davom ettirdi.

Uchrashuv O‘zbekistonlik muxlislar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Sababi, terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanov bugungi bellashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa davomida ishonchli harakat qildi. Yosh futbolchi nafaqat himoyada, balki hujumlarni boshlashda ham faol bo‘ldi.

Bellashuv taqdirini birinchi bo‘limdayoq o‘zgartira olgan «shaharliklar» 32-daqiqada hisobni ochdi. Rayan Sherki o‘ng oyog‘i bilan uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va tomoshabinlarni oyoqqa turg‘izgan go‘zal gol muallifiga aylandi.

Ikkinchi bo‘limda «Siti» o‘yinni to‘liq nazorat qildi. 67-daqiqada esa aynan Abduqodir Husanov boshlab bergan hujum samara bilan yakunlandi. Savino aniq zarba bilan hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib, jamoasining g‘alabasini mustahkamladi.

Shu tariqa, «Manchester Siti» Karabao Kubogida navbatdagi bosqichga ishonch bilan yo‘l oldi. Jamoa hozirda yaxshi formada ekanini yana bir bor namoyish etdi, Husanov esa bunday katta o‘yinlarda ham o‘z o‘rni borligini isbotlab bormoqda.

Angliya Liga kubogi. 1/4 final

Manchester Siti — Brentford 2:0

17 dekabr, «Etihad»

Gollar: Sherki (32), Savinio (67).

Manchester Siti — Trafford, Lyuis, Husanov, Ake, O’Rayli (Gvardiol, 65), Niko (Nunesh, 66), Reynders, Mukasa, Bobb (Foden 19, Grey 82), Sherki (Silva, 66), Savinio.

Brentford — Valdimarsson, Kayode (Hiki, 75), Kollinz, van den Berg, Henri (Lyuis-Potter, 75), Yensen (Donovan, 81), Yarmolyuk (Konak, 88), Lyuis-Potter, Damsgor, Shade (Gustavo, 88), Tiago.

Ogohlantirishlar: Husanov (16), Nunesh (86).

Ma’lumot o‘rnida, manchesterliklar navbatdagi uchrashuvini 20-dekabr kuni APL doirasida «Vest Xem»ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.


Angliya Liga kubogi, Manchester Siti, Abduqodir Husanov, Rayan Sherki, Karabao Kubogi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing