21:52 / 17.12.2025
3 108

FIFAdan rekord mukofot: O‘zbekiston kamida 10,5 million dollar oladi

FIFA Kengashi 2026 yili bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun tarixdagi eng yirik moliyaviy mablag‘ — 727 million dollar ajratilishini rasman tasdiqladi. Bu ko‘rsatkich Qatarda o‘tkazilgan avvalgi mundialga nisbatan naq 50 foizga ko‘p demakdir. Ingliz jurnalisti Ben Jeykobsning xabar berishicha, ushbu rekord summa turnirda ishtirok etuvchi milliy terma jamoalar o‘rtasida taqsimlanadi.

O‘zbekiston uchun kafolatlangan millionlar

JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan har bir jamoa, jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham turnirga tayyorgarlik ko‘rish uchun 1,5 million dollar miqdorida sarmoya oladi. Shuningdek, musobaqada 33-48-o‘rinlarni egallagan jamoalarga 9 million dollar to‘lanadi.

Bu degani, hamyurtlarimiz Amerika maydonlariga qadam qo‘yishlari bilan federatsiya hisobiga kamida 10,5 million dollar kafolatlangan mablag‘ tushishini anglatadi.

Natijalarga qarab o‘suvchi bonuslar

Jamoamiz muvaffaqiyatli odimlab, keyingi bosqichlarga chiqsa, FIFA tomonidan beriladigan mukofot pullari ham sezilarli darajada oshib boradi:

  • 17-32-o‘rinlar: $11 mln;
  • 9-16-o‘rinlar: $15 mln;
  • 5-8-o‘rinlar: $19 mln;
  • 4-o‘rin sohibi: $27 mln;
  • 3-o‘rin sohibi: $29 mln;
  • Finalchi (2-o‘rin): $33 mln;
  • Jahon chempioni: $50 mln.

Mundial taqvimi: Bizni qanday bahslar kutmoqda?

Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 bahslari AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida 11-iyundan 19-iyulga qadar bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida quyidagi kunlarda maydonga tushadi:

  • 17 iyun: Kolumbiya — O‘zbekiston
  • 23 iyun: Portugaliya — O‘zbekiston
  • 27 iyun: Pley-off g‘olibi (Kongo DR/Yamayka/Yangi Kaledoniya) — O‘zbekiston

Bu tarixiy musobaqada vakillarimizga nafaqat moliyaviy muvaffaqiyat, balki chiroyli g‘alabalar tilab qolamiz!


FIFA Kengashi, Jahon chempionati, O‘zbekiston terma, Moliyaviy mablag‘, Amerika maydonlari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing