20:34 / 17.12.2025
1 746

Jahon chempionati–2026: g‘olibni rekord darajadagi mukofot kutmoqda

FIFA 2026 yilda o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun mukofot pullari miqdorini rasman e’lon qildi. Yangi formatda 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan musobaqa nafaqat sport nuqtayi nazaridan, balki moliyaviy jihatdan ham tarixdagi eng yirik turnirga aylanishi kutilmoqda.

Eng katta mukofot, tabiiyki, chempion jamoaga nasib etadi. Dunyo chempioni bo‘lgan terma jamoa 50 million dollar mukofot puliga ega chiqadi. Bu ko‘rsatkich avvalgi jahon chempionatlariga nisbatan sezilarli darajada yuqori.

Finalda mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa 33 million dollar bilan taqdirlanadi. Uchinchi o‘rin sohibi 29 million dollar, to‘rtinchi o‘rinda yakunlagan terma jamoa esa 27 million dollar mukofot puliga ega bo‘ladi.

Chorak finalgacha yetib borgan, ya’ni 5–8-o‘rinlarni egallagan jamoalar har biriga 19 million dollardan ajratiladi. 9–16-o‘rinlarda turnirni yakunlagan terma jamoalar 15 million dollardan mukofot oladi.

Pley-offga chiqa olmagan, biroq guruh bosqichida munosib ishtirok etgan jamoalar ham e’tibordan chetda qolmaydi. 17–32-o‘rinlar uchun 11 million dollardan, 33–48-o‘rinlarni egallagan jamoalar uchun esa 9 million dollar mukofot belgilangan.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, bunday yirik mukofot fondi jahon futbolida raqobatni yanada kuchaytirish, terma jamoalar uchun motivatsiyani oshirish va turnirning global nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. 2026 yilgi Jahon chempionati haqiqiy futbol bayrami bo‘lishi kutilmoqda.


FIFA 2026, Jahon chempionati, Mukofot puli, Futbol turniri, Terma jamoalar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing