00:04 / 16.12.2025
13 927

Yamal yetakchi: 2025 yilda eng ko‘p sotilgan liboslar

2025 yil yakuniga ko‘ra futbolchilar liboslari savdosi bo‘yicha yangi reyting e’lon qilindi. Score 90 tarqatgan ma’lumotlarga asosan, joriy yilda muxlislar eng ko‘p xarid qilgan futbolchi — «Barselona» vingeri Lamin Yamal bo‘ldi. Yosh yulduz bu ko‘rsatkichda kataloniyaliklarning afsonaviy sobiq hujumchisi Lionel Messini ham ortda qoldirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yamalning libosi 1 million 320 ming dona sotilib, 2025 yilning mutlaq yetakchisiga aylandi. Undan sal ortda «Inter Mayami» safida to‘p surayotgan Lionel Messi joy olgan — argentinalik superyulduzning liboslari 1 million 280 ming marta xarid qilingan. Uchinchi o‘rinda esa yana bir «Barselona» futbolchisi — Robert Levandovski qayd etildi. Polyak hujumchining liboslari 1 million 110 ming dona sotilgan.

E’tiborli jihati shundaki, joriy yilda to‘rt nafar futbolchining liboslari 1 million donadan ortiq xarid qilingan. Ular qatorida «Real Madrid» yulduzi Kilian Mbappe ham bor — uning libosi 1 million 20 ming marta sotilgan. Bu ko‘rsatkich fransiyalikning madridliklar safidagi mashhurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Top-10 ro‘yxatida «Real» futbolchilari ko‘pchiligi bilan ajralib turibdi. Vinisius Junior 992 mingta, Rodrigo esa 798 mingta libos sotilishi bilan ro‘yxatdan o‘rin olgan. Shuningdek, Braziliyaning «Flamengo» klubi yetakchisi Jorjian de Arraskaeta ham deyarli 1 millionga yaqin (975 ming) ko‘rsatkich bilan yuqori o‘rinni egalladi.

Krishtianu Ronaldu ham an’anaviy ravishda reytingda bor. «An Nasr» hujumchisining liboslari 925 ming marta sotilgan. Undan keyin «Manchester Yunayted» sardori Brunu Fernandesh (878 ming) va «Bavariya» yetakchisi Harri Keyn (867 ming) joy olgan.

Qisqasi, 2025 yil futbolda nafaqat maydonda, balki marketing va muxlislar muhabbati borasida ham yangi nomlarni oldinga chiqardi. Lamin Yamal esa o‘z o‘yini bilan ham, liboslar savdosida ham yangi avlod yulduzining kim ekanini butun dunyoga yaqqol ko‘rsatib berdi.


Lamin Yamal, Lionel Messi, Barselona klubi, Futbol marketingi, Real Madrid
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing