19:51 / 18.11.2025
1 483

"Andijon"da shovqinli o‘zgarish: Shatskix bilan yo‘llar ajradi

"Andijon" klubi kuni kecha muxlislar kutmagan xabarni rasman e’lon qildi — jamoa bosh murabbiyi Maksim Shatskix bilan kelishuv bekor qilindi. Bu haqda klubning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Shatskix jamoaga joriy yil 13-may kuni bosh murabbiy etib tayinlangan edi. U bilan tuzilgan shartnoma 31-dekabrgacha amal qilishi kerak bo‘lgan, ammo klub rahbariyati va mutaxassis o‘zaro kelishuv asosida kelishuvni muddatidan avval to‘xtatishga qaror qilishdi.

Klub rahbariyati Shatskixning olti oylik faoliyatini e’tirof etar ekan, uning mehnati va sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi. Murabbiy jamoani yaxshilashga, o‘yinni tizimli tarzda rivojlantirishga harakat qilgani ta’kidlandi.

Shatskix bosh murabbiy sifatida 24 ta rasmiy o‘yinda jamoani boshqardi. Ushbu bahslarda "Andijon" 5 marotaba g‘alaba qozongan, 9 marta durang qayd etgan va 10 marta mag‘lubiyatga uchragan. Shu bilan birga, Osiyo Chempionlar ligasi 2 bosqichida jamoa 4 ta o‘yinda darvozasini golsiz saqlab qolgani, mag‘lubiyatsiz seriya qayd etilgani e’tiborga sazovor, deb baholandi.

Murabbiyning ketishi ortidan jamoa vaqtinchalik ravishda Akmal Shorahmedovga topshirildi. U keyingi uchrashuvga — 21-noyabr kuni "Bobur arena"da "Xorazm"ga qarshi bo‘ladigan bellashuvga jamoani tayyorlaydi.

Klub o‘z bayonoti yakunida Shatskixga minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatida omad tiladi. Muxlislar esa jamoadagi yangi bosqich qanday davom etishini qiziqish bilan kutmoqda.


Andijon Klubi, Maksim Shatskix, Klub Rahbariyati, Osiyo Chempionlar, Akmal Shorahmedov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing