Misr dramatik seriyada Kabo-Verdeni mag‘lub etib, 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi

BAAda o‘tkazilayotgan va jahon chempionatida qatnashgan to‘rtta kuchli jamoani bir maydonda birlashtirgan «Al Ain Cup» o‘rtoqlik turnirida 3-o‘rin uchun o‘yin ham o‘z g‘olibini topdi. Bu bosqichda Afrikaning ikki vakili — Misr va Kabo-Verde maydon markazida yuzma-yuz keldi. Bellashuv o‘ziga xos kurashga aylanib, jamoalar doimiy bosim va yuqori tempda harakat qildi.
Uchrashuvning asosiy qismida har ikki jamoa teng kuchli o‘yin namoyish qildi. Dastlabki daqiqalardayoq Kabo-Verde hujumni kuchaytirib, 7-daqiqaga kelib Rodriges orqali hisobni ochdi. Misr esa birinchi taymda vaziyatdan chiqish uchun bir necha bor hujum uyushtirdi, ammo gol sog‘inchi davom etdi. Ikkinchi bo‘limda Umar Marmush 57-daqiqaga kelib hisobni tenglashtirdi va o‘yin yana intrigaga to‘ldi.
Biroq asosiy vaqt o‘yin taqdirini hal qila olmadi. Bellashuvning eng hal qiluvchi qismi — penaltilar seriyasiga navbat keldi. Bu yerda Misrning ruhiy tayyorgarligi va posbonining mahoratli harakatlari hal qiluvchi o‘rin tutdi. Kabo-Verde jamoasi 4 ta zarbaning birortasini golga aylantira olmadi. Misr esa 2 ta aniq zarba bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv «Al Maktum» stadionida 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ochiq va tezkor futbol namoyish etgan har ikki jamoa muxlislarga maroqli o‘yin taqdim etdi. Misr tarkibida Ash Shenavi, Hani, Rabia, Hamdi, Fatuh va Marmush faol o‘yin ko‘rsatdi. Kabo-Verde safida esa Rodriges, Varela, Borjes va Deniel harakatlari ko‘zga yaqqol tashlandi.
«Al Ain Cup». 3-o‘rin uchun o‘yin
Misr — Kabo-Verde 1:1
Penaltilar seriyasi — 2:0.
17 noyabr, «Al Maktum»
Gollar: Marmush (57) — Rodriges (7).
Misr — Ash Shenavi, Hani, Rabia, Hamdi, Fatuh, Ateya, Dunga (Shehata, 46), Muhammad Tohir (Faysal, 46), Saber, Marmush, Mustafo Muhammad.
Kabo-Verde — Varela, Jojo, Pires (Rikardu, 59), Borjes, Deniel, Duarte, Lenini, Arkanjo (Joau Paulu, 59), Rodriges (Tavaresh, 46), Varela (Mendesh, 59), Da Koshta.
Endilikda barcha diqqat-e’tibor finalga qaratilgan. 18-noyabr kuni O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs bo‘lib o‘tadi. Yarimfinalda Misrni asosiy vaqtda mag‘lub etgan o‘zbekistonliklar va Kabo-Verdening qarshiligini penaltida yenggan Eron o‘zaro chempionlik uchun kurash olib boradi.
Musobaqaning asosiy intrigasi shu finalda yakun topadi — qaysi jamoa «Al Ain Cup» g‘olibi bo‘ladi, shu o‘yin ko‘rsatadi.
Al Ain, O'rtoqlik Turniri, Misr Jamoasi, Kabo- Verde, Final Bahsi