21:58 / 17.11.2025
4 382

"Barselona" tarixiy "Kamp Nou"ga qachon qaytishi ma’lum bo‘ldi

"Barselona" muxlislari kutib-kuttirgan ulug‘ kunda – jamoa nihoyat o‘zining bosh maydoniga qaytishini e’lon qildi. 2,5-yil davomida ta’mirlash va qayta qurish ishlari sababli yopilgan «Kamp Nou» endilikda yana futbol ruhini qabul qilishga tayyor. Kataloniya giganti 22 noyabr kuni La Liganing 13-turida «Atletik»ni aynan shu arenada qabul qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:15 da boshlanadi.

Ko‘plab muxlislar uchun bu xabar haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Chunki «ko‘k-anorranglilar» 2023-yil mayidan beri o‘z uyida biror o‘yin o‘tkazmagan. Rekonstruksiya davomida klub «Olimpik Lyuis Kompanis» maydoni va «Estadi Yoxan Kroyff»da o‘z bahslarini o‘tkazib kelgan edi. Ammo bu arenalarning hech biri «Kamp Nou»ning o‘ziga xos shiddati, muhiti va kuchini bera olmagan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, jamoaning qaytishi 1B bosqichiga oid litsenziya olingandan keyin ma’lum qilindi. Ushbu ruxsat 45 401 nafar tomoshabin uchun sharoit yaratish imkonini taqdim etadi. Mazkur litsenziya stadionning butun yon tribunasini foydalanishga ochadi va bundan avval berilgan 1A bosqichi — janubiy darvoza ortidagi tribuna uchun ruxsatni to‘ldiradi.

Kataloniya klubi bundan tashqari 1C bosqichi ustida ham ishlamoqda. Bu bosqich stadionning shimoliy qismini to‘liq ishlatish uchun zarur xavfsizlik, qulaylik va texnik talablarni bajarishga qaratilgan. Barcha bosqichlar tugallangach, «Kamp Nou» yana yevropadagi eng katta va eng zamonaviy arenalardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Shuningdek, «Barselona» Chempionlar Ligasi doirasida Frankfurtning «Ayntraxt»iga qarshi o‘yinni ham «Spotify Kamp Nou»da o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. UYEFA bilan hamkorlikda bir qator texnik talablar bajarilgani aytilgan, ammo hali rasmiy tasdiq kelmagan. Klub bu masalani yaqin vaqt ichida hal qilishni maqsad qilmoqda.

Bu orqali “Barselona” nafaqat o‘z uyiga, balki o‘zining ma’naviy markaziga qaytadi. Muxlislar uchun esa bu faqat bir o‘yin emas — balki ikki yarim yillik sog‘inchi, xotiralari va qiyossiz futbol ruhining jonlanishi hisoblanadi. Kataloniya klubining qayta qaytishi ispan futbolida haqiqiy bayram kayfiyatini uyg‘otishi shubhasiz.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing