09:15 / 15.11.2025
1 854

Otabek Shukurov: Misrni yigitlarcha yengdik, finalda yana maqsad bitta

Misrga qarshi jangovor va mazmunli o‘yindan so‘ng O‘zbekiston termasi yarim himoyachisi Otabek Shukurov jurnalistlar savollariga javob qaytarib, jamoaning kayfiyati, tayyorgarlik jarayoni va finalga qarata rejalari haqida fikr bildirdi. Uning gaplaridan terma jamoadagi ishonch, ruhiy ko‘tarinkilik va jahon chempionati oldidan juda muhim tajriba orttirayotgani yaqqol seziladi.

Shukurov avvalo g‘alaba va final yo‘llanmasi bilan barcha muxlislarni tabrikladi:

«Yutib oldik, finalga chiqdik. Misr kuchli terma jamoa, biz esa unga munosib qarshilik ko‘rsatdik. Bunday o‘yinlar jahon chempionati oldidan biz uchun eng yaxshi sinov. Afrika va boshqa qit’a jamoalariga qarshi ko‘proq o‘ynashimiz darkor. Chunki mundialda kim tushishi noma’lum, raqiblarni his qilib borish — katta tajriba. Bugun muxlislarni xursand qildik, deb o‘ylayman. Finalda Eronga qarshi yana chempionlik uchun bor kuchimiz bilan o‘ynaymiz».

O‘yinda hujumkor uslubda o‘ynagan jamoa haqida so‘z ketganda, Otabek murabbiylar brigadasining tayyorgarlik jarayonini alohida e’tirof etdi:

«Yig‘in boshlanganidan beri murabbiylar to‘rt kun davomida Misrning o‘yin uslubini tushuntirib bordi. Urgan gollarimiz ham trenerlar mehnati samarasi. Bizga raqibni qanday yopish, qayerda bosim berish, qaysi zonalarda pressing qilish, hatto darvozabon bilan birga-bir vaziyatgacha qanday yetib borish kerakligini ham o‘rgatishdi. Kam bo‘lsa ham, shu topshiriqlarni bajardik deb o‘ylayman. Shuning hisobiga g‘alaba bizning tomonda bo‘ldi».

O‘yin davomida hakamlar faoliyatiga nisbatan paydo bo‘lgan fikrlar haqida ham Shukurov ochiq gapirdi:

«Rostini aytsam, bizga ham hakamlarning Eron va Misr finalda to‘qnashishiga moyil ekandek tuyuldi. Simpatiya ko‘proq ular tarafda bo‘lgandek bo‘ldi. Lekin shunga qaramay, Alloh bizga g‘alaba nasib etdi».

Shukurovning fikrlari shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston termasi nafaqat o‘yin sifati bo‘yicha, balki ruhiy jihatdan ham katta o‘sishda. Yigitlar har bir bellashuvni jahon chempionati oldidan muhim tajriba deb bilishmoqda va finalda yana bir bor barcha kuchni ishga solishga tayyor. Muxlislar esa endilikda 18 noyabr kuni bo‘ladigan hal qiluvchi bahsni katta intizorlik bilan kutmoqda.


O‘zbekiston Termasi, Otabek Shukurov, Jahon Chempionati, Misr Jamoasi, Final O‘yini
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing