10:01 / 23.12.2025
4 397

Neresning dubli «Napoli»ga Italiya superkubogi sovrinini olib keldi (video)

Italiya Superkubogi finalida "Napoli" o‘zining haqiqiy kuchini namoyon etdi. Neapolliklar hal qiluvchi bahsda "Bolonya" jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, navbatdagi katta sovrinni qo‘lga kiritdi. Uchrashuv qahramoni esa braziliyalik hujumchi David Neres bo‘ldi.

28 yoshli futbolchi finaldagi o‘yin taqdirini deyarli yakka o‘zi hal qildi. U dastlab uchrashuvning 39-daqiqasida aniq zarba bilan hisobni ochib, «Napoli»ni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda ham Neres to‘xtab qolmadi — 57-daqiqada yana bir gol urib, jamoasining g‘alabasini mustahkamladi. Shu tariqa, finalning ikki goli ham uning nomi bilan bog‘landi.

Italiya superkubogi. Final

Napoli — Bolonya 2:0

22 dekabr. Riyod. «King Saud University Stadium»

Gollar: Neres (39, 57).

Napoli — Milinkovich-Savich, Di Lorenso, Rahmani, Jezus (Buonjorno, 84), Politano, Lobotka, Maktominey, Spinatssola (Gutiyerres, 68), Neres (Matssoki, 78), Elmaz (Lang, 68), Hoylund.

Bolonya — Ravalya, Holm, Lisaker, Lukumi, Miranda, Fergyuson (Dallinga, 69), Pobega, Orsolini (Dominges, 80), Odgor (Moro, 46), Kambiyagi (Rou, 69), Kastro (Immobile, 79).

Ogohlantirishlar: Lisaker (44), Holm (77), Politano (79).

Ma’lumot uchun, «Napoli» finalga oson yo‘l bilan kelmadi. Yarim finalda neapolliklar "Milan"ni mag‘lub etib, hal qiluvchi bahs yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. O‘sha o‘yinda ham jamoa tartibli va ishonchli o‘yini bilan ajralib turgan.

Italiya Superkubogi finali 22 dekabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyod shahridagi King Saud University Stadium arenasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yuqori sur’atda kechdi, ammo hal qiluvchi daqiqalarda «Napoli» futbolchilari o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalanishni bildi.

Ushbu g‘alaba «Napoli» uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Neapol klubi 11 yillik tanaffusdan keyin yana Italiya Superkubogi sovrinini qo‘lga kiritdi va umumiy hisobda ushbu trofeyni uchinchi bor yutib oldi. Muxlislar uchun esa bu g‘alaba nafaqat yangi sovrin, balki klubning katta maydonlarga qaytganining yorqin ramzi sifatida ham esda qoladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing