Ukraina sobiq prokurorining Fransiyadagi villasida shov-shuvli topilmalar aniqlandi

Ukrainaning sobiq bosh prokurori Svyatoslav Piskunga tegishli bo‘lgan Fransiyadagi villa tintuv qilinib, u yerdan katta miqdordagi qimmatbaho buyumlar aniqlandi. Bu haqda 22 dekabr kuni “ Zerkalo Nedeli ” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tintuv davomida taxminan 3 kilogramm oltin quymalari, mashhur brendlarga mansub qimmatbaho soatlar kolleksiyasi hamda katta miqdorda naqd pul topilgan. Jurnalistlarning baholashicha, ushbu buyumlarning umumiy qiymati 1 million yevrodan oshadi.
Manbalar ta’kidlashicha, sobiq prokuror ushbu qimmatbaho buyumlarning kelib chiqishi, ularni sotib olish manbalari va Fransiyaga olib kirishning qonuniyligini isbotlab bera olmagan. Shu sababli holat yuzasidan jinoiy daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, 18 dekabr kuni Piskun Fransiyada o‘tkazilgan tergov tadbirlari chog‘ida qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu ish Ukrainada so‘nggi oylarda kuchaygan korrupsiya mojarolari fonida keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.