Call of Duty yaratuvchisi Vins Zampella fojeali halok bo‘ldi

Kaliforniya shtatidagi San-Gabriel tog‘larida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi butun dunyo geymerlari va IT-jamoatchiligini larzaga soldi. Mashhur videoo‘yin ishlab chiquvchisi, industriyada katta iz qoldirgan Vins Zampella 55 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
NBC4 telekanali tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Zampellaga tegishli Ferrari avtomobili tunneldan chiqish qismida boshqaruvni yo‘qotib, beton to‘siqqa urilib ketgan. Kuchli zarba oqibatida avtomashina yong‘inga olingan. Fojea joyida Vins Zampella halok bo‘lgan, avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchi esa og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga olib borilgan, ammo uning ham hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Vins Zampella videoo‘yinlar tarixida alohida o‘rin tutadi. U Infinity Ward studiyasining asoschilaridan biri bo‘lib, aynan shu jamoa orqali afsonaviy Call of Duty seriyasi yaratilgan. Bu loyiha yillar davomida millionlab muxlislarni o‘ziga jalb qilib, janr rivojiga katta turtki berdi.
Keyinchalik Zampella o‘z yo‘lini davom ettirib, Respawn Entertainment kompaniyasiga asos soldi. U yerda ham u Titanfall va Apex Legends kabi mashhur o‘yinlar orqali yana bir bor o‘z iste’dodini namoyon etdi. So‘nggi yillarda esa Zampella Electronic Arts tarkibida faoliyat yuritib, Battlefield seriyasini rivojlantirish jarayonlariga rahbarlik qilgan.
Electronic Arts kompaniyasi Zampellaning vafotini rasman tasdiqlab, uni videoo‘yinlar dunyosini tubdan o‘zgartirgan, ilhom bag‘ishlovchi vizioner sifatida ta’rifladi. Kompaniya bayonotida: “Bu o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish. Bizning qalblarimiz Vinsning oilasi, yaqinlari va uning ishlaridan ilhom olgan barcha insonlar bilan birga”, — deyiladi.
Ayni paytda politsiya fojea sabablarini o‘rganmoqda. Tergovchilar avtomobilning tog‘ yo‘lida nega boshqaruvdan chiqqanini, texnik nosozlik yoki boshqa omillar bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Shubhasiz, Vins Zampellaning nomi videoo‘yinlar tarixida abadiy qoladi. U yaratgan loyihalar esa yana ko‘p yillar davomida millionlab insonlarga zavq ulashishda davom etadi.
Vins Zampella, Videoo‘yin industriyasi, Call of Duty, Respawn Entertainment, Electronic Arts