PSJ Luis Enrike bilan tarixiy umrbod shartnoma rejalamoqda

Fransiya grandi PSJ rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Luis Enrike bilan mutlaqo noodatiy qadam tashlashni rejalashtirmoqda. Manbalarga ko‘ra, parijliklar ispaniyalik mutaxassis bilan umrbod shartnoma imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqyapti. Agar bu reja amalga oshsa, futbol tarixida ilk bor klub murabbiy bilan bunday formatda kelishuvga erishgan bo‘ladi.
Luis Enrike 2023 yildan beri PSJni boshqarib kelmoqda va qisqa vaqt ichida jamoada katta iz qoldirdi. Uning qo‘l ostida parijliklar barqarorlikka erishib, ichki musobaqalarda ham, xalqaro maydonda ham yuqori natijalar qayd etdi. Jami hisobda Enrike PSJ bilan 9 marta turli sovrinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Ayniqsa, o‘tgan mavsum klub tarixida alohida sahifa sifatida qoldi. Ispaniyalik mutaxassis rahbarligida PSJ ilk bor UEFA Chnmpionlar Ligasining bosh sovrinini qo‘lga kiritib, ko‘p yillik orzusini ro‘yobga chiqardi. Bu yutuq Luis Enrikening nafaqat taktik bilimlari, balki jamoani ruhiy jihatdan ham yuqori darajaga olib chiqa olganini ko‘rsatdi.
Klub rahbariyati aynan shu omillarni inobatga olgan holda, murabbiy bilan uzoq muddatli, hatto umrbod hamkorlik qilish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu qaror PSJning kelajakda ham barqaror va uzluksiz rivojlanishni maqsad qilganini anglatadi.
Albatta, futbolda “umrbod shartnoma” tushunchasi juda kam uchraydi va ko‘plab bahslarga sabab bo‘ladi. Biroq Luis Enrikening natijalari va jamoadagi nufuzi parijliklar uchun bu kabi tarixiy qadam tashlashga jiddiy asos bo‘layotgani shubhasiz. Muxlislar esa bunday qaror PSJni yanada kuchli va barqaror klubga aylantiradi, deb umid qilmoqda.