14:06 / 23.12.2025
1 747

Yangi yil oldidan yirik supermarketlarga narxlar bo‘yicha ogohlantirish

Yangi yil bayramlari arafasida aholi xaridlari keskin oshishi kutilar ekan, Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi yirik savdo tarmoqlariga rasmiy murojaat bilan chiqdi. Qo‘mita bayram kunlari ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxini sun’iy ravishda oshirmaslik va bozorda barqarorlikni saqlash zarurligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, rasmiy bildirishnomalar Korzinka, Makro, Havas, Baraka, Magnum, Assorti, B1 hamda Magnit savdo tarmoqlariga yuborilgan.

Qo‘mita murojaatida bayramlar oldidan talab yuqori bo‘ladigan oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur mahsulotlar narxi doimiy nazoratda bo‘lishi shartligi eslatilgan. Shuningdek, savdo tarmoqlari yetkazib beruvchilar tomonidan narxlar o‘zgarishi, logistika xarajatlari yoki boshqa omillar sabab qiymat oshishi kuzatilsa, bu haqda Qo‘mitaga zudlik bilan axborot taqdim etishlari lozim.

Alohida ta’kidlanishicha, chakana savdo tarmoqlari o‘z yetkazib beruvchilariga nisbatan ham profilaktik ish olib borishi, asossiz va sun’iy narx oshirish holatlarining oldini olish bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlar berishlari talab etiladi.

Mas’ul idora fikricha, bunday choralar Yangi yil arafasida aholi uchun mahsulotlar narxini barqaror saqlash, ijtimoiy keskinlikning oldini olish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing