23:03 / 17.12.2025
4 137

Ertaga mamlakatning qaysi hududlarida qor yog‘ishi aniqlandi

O‘zgidromet 18 dekabr uchun ob-havo prognoziga oydinlik kiritdi. Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatning ko‘pgina hududlarida nam va salqin ob-havo hukm suradi, ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanadi.

Toshkent shahrida osmon kuni bo‘yi bulut bilan qoplanib turadi, yog‘ingarchilik — avval yomg‘ir, keyin qor ko‘rinishida kuzatiladi. G‘arbdan esadigan shamol sekundiga 3–8 metr atrofida bo‘lib, harorat ham kechasi, ham kunduzi 0–2 daraja iliq saqlanadi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ob-havo o‘zgaruvchan, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ammo ayrim hududlarda tuman yoyilishi mumkin. Shamol yo‘nalishi g‘arbdan sharqqa almashib, 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kunduzi 5–10 daraja sovuq, tunda esa−2 dan +3 darajagacha bo‘ladi.

Buxoro va Navoiyda kechasi va ertalab yomg‘ir-qor aralash yog‘ingarchilik ehtimoli bor. Tuman ham kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 0–5 daraja sovuq, kunduzi 0–5 daraja iliq.

Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Jizzaxda ham yomg‘ir yog‘ib, ba’zi manzillarda qorga aylanadi. Tuman xavfi bor. Harorat tun-kun davomida 0–5 daraja atrofida bo‘ladi.

Qashqadaryo va Surxondaryoda yomg‘ir yog‘ib, ba’zi joylarda qor ko‘rinishida o‘tadi. Shamol 7–12 m/s, ayrim nuqtalarda 18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 0–7 daraja iliq bo‘ladi.

Andijon, Namangan va Farg‘onada ham yomg‘ir yog‘ib, ayrim joylarda tuman kuzatiladi. Harorat kechasi 0–5 daraja, kunduzi 2–7 daraja iliq bo‘lishi kuzatilmoqda.

Tog‘li hududlarda esa vaqti-vaqti bilan kuchli qor yog‘ishi mumkin. Tuman tushishi ehtimoli yuqori va qor ko‘chishi xavfi ham saqlanib turibdi. Harorat 0–5 daraja atrofida bo‘ladi.


Ob-havo prognozi, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston va Xorazm, Tog‘li hududlar, Yomg‘ir-qor aralash
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing