Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18–20 dekabr kunlari Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tokioda bo‘ladi. Safar doirasida davlat rahbari Yaponiya Imperatori Naruxito, Bosh vazir, parlament va hukumat vakillari, shuningdek, siyosiy va akademik doiralar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Muzokaralar markazida O‘zbekiston–Yaponiya strategik sherikligini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda ilmiy-ta’lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari turadi. Ishbilarmonlik qismida yirik yapon kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilinadi. Tashrif yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Yaponiya” formatidagi davlat rahbarlarining ilk sammitida ishtirok etadi. Sammitda “yashil iqtisodiyot”, barqaror taraqqiyot, mintaqaviy hamkorlik va inson kapitalini rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilinib, yakunda Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.