21:22 / 16.11.2025
2 623

Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo rahbarlari uchrashuvidagi muhim tashabbuslari...

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qator asosiy fikr va tashabbuslar bilan chiqdi.

Bugungi sammit tarixiy bo‘ldi: Maslahat uchrashuvlari formatiga Ozarbayjon Respublikasining to‘laqonli ishtirokchi sifatida qo‘shilishini davlat rahbarlari bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu qadam hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishini, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida hamkorlikning yagona makonini shakllantirishini ta’kidladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqani yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi:

1. Mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichi.

Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo muloqotning maslahat shaklidan chinakam hamkorlik bosqichiga o‘tdi: hududiy masalalar tartibga solindi, chegaralar ochildi, energetika, transport va savdo sohalarida hamkorlik o‘rnatildi. O‘zaro savdo 10,7 milliard dollarga yetib, investitsiyalar 17 foizga o‘sdi.

2. Institutsional arxitekturani mustahkamlash.

Uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyatni ta’sis etish, Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini ko‘tarish taklif etildi.

3. Iqtisodiyot va investitsiyalar.

Mintaqa davlatlari o‘zaro savdo hajmini 1,5–2 baravar oshirish imkoniyatiga ega. Prezident quyidagilarni taklif qildi:

– 2035 yilgacha bo‘lgan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy dasturini qabul qilish;

– Yagona investitsiya makoni to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish;

– elektron tijoratni birgalikda rivojlantirishni ilgari surish.

4. Infratuzilma va transport.

O‘zbekiston "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishlarini kengaytirish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda mintaqa davlatlarini birgalikda harakat qilishga chaqirdi. Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Kengashni tuzish taklif qilindi.

5. Xavfsizlik va Afg‘oniston.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi va Tahdidlar va xavflar katalogi tasdiqlash uchun taqdim etildi. Prezident Afg‘onistonni mintaqaviy energetika va transport loyihalariga integratsiyasi muhimligini ta’kidladi hamda “Farg‘ona tinchlik forumi”ni muntazam o‘tkaziladigan xalqaro anjumanga aylantirishni taklif qildi.

6. Iqlim va suv.

O‘zbekiston 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilishni deb e’lon qilishni, shuningdek, Suv xo‘jaligi sohasida kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi.

7. Gumanitar soha.

Ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi. Prezident har yili ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bag‘ishlangan Xalqaro kongressni o‘tkazishni, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tuzish hamda mintaqamiz olim va mutafakkirlarining global rivojlanishga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan BMTning maxsus rezolyutsiyasini ilgari surishni taklif qildi.

Prezidentimiz nutqini asosiy fikr bilan yakunladi: "Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda".

O‘zbekiston Turkmanistonni yangi – “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” formatida o‘tadigan davlatlar rahbarlarining Maslahat uchrashuvida raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi va bo‘lajak mezbonlik qilish davridagi sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.


Markaziy Osiyo, Davlat Rahbarlari, Mintaqaviy Integratsiya, Iqtisodiy Hamkorlik, Infratuzilma Loyihalari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing