
Kelasi yili Toshkent shahrida 100 ta aqlli chorraha o‘rnatiladi. Ushbu chorrahalar yagona tizim orqali boshqarilib, sun’iy intellekt yordamida transport va piyodalar harakatini kuzatib boradi.
Bu choralar tirbandliklarni kamaytirish va yo‘llardagi xavfsizlikni oshirishga xizmat qiladi, deb ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tkazilgan yig‘ilishda. Shuningdek, shaharga kirishdagi ikki nazorat-o‘tkazish punktlari poytaxt tashqarisiga ko‘chiriladi, uchta punkt esa rekonstruksiya qilinib, 3,5 ming yuk mashinasi va 5,5 ming yengil avtomobil uchun avtoturargohlar, shuningdek, aholining dam olishi uchun maxsus zonalar tashkil etiladi.
Ushbu joylar jamoat transporti bilan bog‘lanib, shahar mehmonlari o‘z avtomobillarini qoldirib, shahar bo‘ylab tez va qulay harakatlanishlari uchun imkoniyat yaratiladi. Bundan tashqari, 30 ming avtoturargoh o‘rni, 300 ta yangilangan bekat, 40 km piyoda yo‘laklari, 20 km velosiped yo‘laklari qurilishi, 100 km yo‘llar ta’mirlanishi, shuningdek, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida yo‘l o‘tkazgichlar va yer osti tunnellari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Shahar jamoat transportini yaxshilash maqsadida 200 ta yangi elektrobus keltiriladi.