15:52 / 17.11.2025
3 456

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yangi mehnat hamkorligi kengaymoqda

O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi tashabbusi bilan mahalliy yirik kompaniyalar ishtirokida muhim uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA. Mazkur muzokaralar asosiy e’tiborini o‘zbekistonlik mutaxassislarni qonuniy, xavfsiz va tizimli ravishda ishga joylashtirish, shu bilan birga ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratdi.

Dastlab Rossiyaning neft-gaz, energetika, sanoat va qurilish yo‘nalishlarida 90 dan ziyod loyihalarni amalga oshirayotgan “Yevrakor” AJ vakili Olga Seves bilan suhbat tashkil etildi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya tuzilgan shartnoma asosida qabul qilingan ishchilarni bepul turar joy, oziq-ovqat, kafolatlangan maosh va barcha zarur sharoitlar bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, xodimlarni tanlash, patent rasmiylashtirish va ish joyiga yetkazish bo‘yicha ham aniq takliflar bildirildi.

Muloqot davomida “Yevrakor”dagi ish jarayoni, mehnat va yashash sharoitlari, hujjatlar ro‘yxati, xorijlik xodimlar uchun talab etiladigan qoidalar batafsil yoritildi. Kompaniya tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislarga bo‘lgan talab yuqori ekani ham qayd etildi.

Shuningdek, Tyumen shahrida salat va rukkola qayta ishlashga ixtisoslashgan “Provans” MCHJ direktori Tatyana Ovsyankina bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U kompaniyaning O‘zbekistondan aysberg salati va rukkola import qilayotganini, ichki bozorda bu mahsulotlarga talab kattaligi bois oyiga 200 tonna aysberg va 40 tonna rukkola xarid qilishni mo‘ljallayotganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan u o‘zbek fermerlari va eksportchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishda ko‘mak so‘radi.

Uchrashuvlarda o‘zbek tomoni respublika bo‘ylab zamonaviy mono-markazlar faoliyat yuritayotgani, ular orqali kadrlar tanlovi, o‘qitish va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, hujjatlar rasmiylashtirishdagi mavjud muammolarni hal etish hamda O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport hajmini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy tadbirlarni kelishib oldi.

Bu uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi mehnat bozoridagi hamkorlik nafaqat davom etayotganini, balki yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ham ko‘rsatmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing