Turkiyada qiynalgan o‘zbek ona-qizga yordam berilib, Vatanga qaytarildi

Turkiyada murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbeklar Vatanga qaytarildi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi vakolatxonasi og‘ir ahvolda qolgan yurtdoshimiz va uning 12 yoshli qiziga zarur ko‘mak ko‘rsatib, ularni O‘zbekistonga qaytishga yordam berdi. Ma’lum qilinishicha, mehnat migratsiyasi maqsadida Turkiyada bo‘lgan ayol og‘ir kasallik tufayli ishlash imkoniyatini yo‘qotgan va diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hamyurtimizning oyog‘i cingan bo‘lib, uning jarrohlik amaliyoti hamda protez o‘rnatish jarayoni shifokorlar nazoratida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Uzoq davolanish va ishga layoqatsizlik tufayli oilaning moddiy ahvoli yanada og‘irlashgani sababli, konsulxona tomonidan qo‘shimcha yordam ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, qizining ham maxsus parvarishga muhtojligi aniqlanib, bu masala ham alohida ko‘rib chiqilgan.
Bosh konsulxona tashabbusi bilan “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati”, “Uzbekistan Airways”ning Turkiyadagi vakilligi va diaspora faollari hamkorligida ona va qiz yurtga qaytarildi. Ayni paytda ularning davolanish va reabilitatsiya jarayonlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalliy hokimiyat organlari orqali davom etmoqda.