13:46 / 15.11.2025
1 819

To‘qayevga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni tantanali topshirildi

Ko‘ksaroy qarorgohida xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlaydigan muhim tarixiy marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev O‘zbekistonning eng nufuzli davlat mukofotlaridan biri — “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu sharafli mukofot qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda prezident To‘qayevning shaxsiy hissasi katta ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Marosim davomida davlat rahbari ikki xalqni bog‘lab turgan do‘stlik, po‘latdek mustahkam qo‘shnichilik va strategik sheriklik To‘qayev rahnamoligida yangi sur’atlarda rivojlanayotganini qayd etdi. Birgalikdagi intilishlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar so‘nggi yillarda keskin yuqorilab, yangi rivojlanish pallasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunga kelib parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes va jamoatchilik o‘rtasidagi muloqot faol va sermazmun tus olgan. Yoshlar almashinuvi, madaniy-gumanitar dasturlar kengaygani esa ikki mamlakatni yanada yaqinlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Savdo-sotiq hajmi barqaror o‘smoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport tizimidagi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda — bu esa hamkorlikning amaliy natijalarga boy ekanini ko‘rsatadi.

Marosimda alohida ta’kidlangan yana bir jihat — Qosim-Jo‘mart To‘qayevning xalqaro maydonda tinchlik, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilayotgan sa’y-harakatlari. Uning tashabbuslari yaqin qo‘shnilar bilan ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Yuksak ordenni qabul qilar ekan, Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik va do‘stlik ruhi kelgusida ham izchil ravnaq topadi, hamkorlik yangi qirralar bilan boyib boradi.

O‘zaro hurmat va qardoshlikka asoslangan bu munosabatlar ikki xalqning hozirgi va kelajak avlodlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib qolishi shubhasiz.


Ko‘ksaroy Qarorgohi, Xalqlar Do‘stligi, Oliy Darajali, Qardosh Mamlakatlar, Strategik Sheriklik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing