15:44 / 21.11.2025
459 959

Stiven Kingning "U"(«Оно») romani Rossiyada sotuvdan olinmoqda

Stiven Kingning "U"(«Оно») romani rus marketpleyslarida va kitob do‘konlarida sotuvdan olina boshladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, King asarini ayrim onlayn marketpleyslar va kitob mahsulotlari sotuvi bilan shug‘ullanadigan internet-do‘konlar orqali sotib olib bo‘lmaydi.

Wildberries va Russ kompaniyalari birlashgan matbuot xizmati roman RF hududida taqiqlangan bo‘lishi yoki platforma qoidalarini buzishi mumkinligini bildirgan: «Wildberries qonunchilikka qat’iy amal qiladi va RFda taqiqlangan mahsulotlar hamda platforma qoidalariga zid bo‘lgan tovarlarni sotishga yo‘l qo‘ymaydi».

Telegram'dagi «Город54» kanali ham King romani Novosibirskdagi kitob do‘konlaridan ham olib tashlanayotganini ma’lum qildi. Do‘kon vakilining aytishicha, «Kingning "U"(«Оно») romani butunlay javonlardan olindi va, ehtimol, endilikda qaytarilmaydi».

AST Roskomnadzorning Rossiya kitob ittifoqi va Raqamli texnologiyalar vazirligiga so‘rovidan so‘ng Stiven Kingning "U"(«Оно») romanini sotuvdan olib tashladi, dedi nashriyotning badiiy adabiyot bo‘limi direktori Sergey Rubis "RBK Radio"ga. Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobdagi yorliqlarni tekshirish uchun savdo vaqtincha to‘xtatilgan.

Bundan oldin "U"(м) romani LGBT (Rossiyada ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan) targ‘iboti tufayli olib qo‘yilishi kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatidan o‘rin olgan edi. Shu bilan birga, 2024 yil fevral oyida Internet-savdo kompaniyalari assotsiatsiyasi (AKIT) prezidenti Artem Sokolov bu ro‘yxat "dolzarb emas" va "haqiqatga hech qanday aloqasi yo‘qligini" aytgan edi.

Stiven Kingning 1986 yilda birinchi marta nashr etilgan "U"(«Оно») romani Derri shahridagi do‘stlar guruhi haqida bo‘lib, ular masxaraboz Pennivayz qiyofasidagi yirtqich hayvon va boshqa dahshatli tushlar bilan to‘qnash kelishadi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing