
Yevropa doiralarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni chetlab o‘tish samara bermayapti, degan fikr tobora kuchaymoqda. Britaniyalik tahlilchi Mark Galeotti The Spectator nashri uchun yozgan maqolasida aynan shu nuqtayi nazarni ilgari surdi.
Muallifning ta’kidlashicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlashish zarurligi haqidagi pozitsiyasi mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri keladi. Chunki Yevropa uchun Rossiyani butunlay inkor etish yoki uni «yo‘qdek» tutish amalda ish bermayapti.
Galeottiga ko‘ra, Putin alohida davlat rahbarlari bilan uchrashishga qiziqmaydi. Biroq Ukrainaga keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatayotgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari birgalikda harakat qilsa, Moskva e’tiborini tortishi mumkin.
Muallif shunday yozadi: Yevropada Putinni «shunchaki yomon shaxs» sifatida inkor etish g‘oyasi sekin-asta ahamiyatini yo‘qotmoqda. Ayniqsa, yevropaliklar boshqa murakkab va bahsli rejimlar bilan muloqot qilib kelayotgan bir sharoitda, Rossiya bilan gaplashmaslik ikkiyuzlamachilik sifatida qabul qilinmoqda.
Misol tariqasida, u Finlyandiyaning sobiq prezidenti Sauli Niinistyoning so‘zlarini keltiradi. Uning fikricha, agar Yevropa yetakchilari AQSHdagi siyosiy o‘zgarishlar fonida Rossiya bilan aloqa yo‘qolishidan xavotirda bo‘lsa, bu muloqotni o‘z qo‘liga olishi kerak. Amaldagi Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb esa bu tashabbusni ehtiyotkorona qo‘llab-quvvatlab, bunday harakatlar yakka davlatlar emas, jamoaviy formatda bo‘lishi shartligini urg‘ulagan.
Galeotti Yevropa ichida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslikni eng muhim vazifa deb hisoblaydi. Uningcha, yagona pozitsiyasiz har qanday diplomatik qadam samarasiz bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, u “Ye3” — Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning norasmiy hamkorligiga alohida e’tibor qaratadi.

Muallifning fikricha, aynan shu uchlik Yevropa nomidan siyosiy qat’iyatni namoyon etib, Rossiya bilan murakkab bo‘lsa-da, muzokara jarayonini boshlashi mumkin. Bu tezkor natijalar bermasligi mumkin, ammo kelajakda munosabatlarni qayta qurish uchun asos yaratadi.
Galeotti so‘z oxirida bir diplomatning fikrini keltiradi: Rossiya hech qayerga yo‘qolib qolmaydi, shuning uchun Yevropa nafaqat urush yechimlariga ta’sir o‘tkazish, balki uzoq muddatli tinch munosabatlar uchun ham poydevor qo‘yishi kerak. Hozircha Putin Yevropa ovozini eshitishga shoshilmayapti, ammo bu holat abadiy davom etmasligi mumkin.