«Buxoro» Aleksandr Xomyakov bilan uzoq muddatli rejani tanladi

«Buxoro» futbol klubi jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qildi. Klub matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida ikki yillik yangi mehnat shartnomasi rasman imzolandi.
Qayd etilishicha, mazkur qaror klub rahbariyati tomonidan jamoaning barqaror rivojlanishi, aniq belgilab olingan uzoq muddatli maqsadlar va professional boshqaruv tamoyillarini saqlab qolish yo‘lida qabul qilingan. Rahbariyat mavjud yo‘nalishni davom ettirish orqali natijalarni yanada yaxshilashga umid qilmoqda.
Klub bayonotida ta’kidlanishicha, Aleksandr Andreevich o‘z faoliyati davomida jamoada qat’iy intizom, jamoaviy birlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantira oldi. Uning boy tajribasi, zamonaviy futbolga mos qarashlari va ishga mas’uliyat bilan yondashuvi klub oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, klub rahbariyati bosh murabbiyga bildirilayotgan ishonch to‘liq ekanini alohida qayd etdi hamda kelgusi mavsumlarda «Buxoro» oldiga yanada yuqori va ambitsiyali maqsadlar qo‘yilganini ma’lum qildi.
Bayonot so‘ngida esa klub faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Buxoro viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Komilovich Zaripovga alohida minnatdorchilik izhor etildi.
«Buxoro» muxlislari esa ushbu qaror jamoaga barqarorlik olib kelishi va yangi yutuqlar uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga umid qilmoqda.
Buxoro futbol, Aleksandr Xomyakov, Klub rahbariyati, Jamoaviy birlik, Botir Zaripov