Zinedin Zidan top-klub bosh murabbiyligiga yaqin turibdi

Fransiyalik mashhur mutaxassis Zinedin Zidan yana bir bor Yevropa futbolidagi eng nufuzli lavozimlardan biriga asosiy nomzod sifatida tilga olinmoqda. Biroq bu gal gap Madridning «Real» jamoasi haqida emas.
Yevropa ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Londonning «Chelsi» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi lavozimiga Zinedin Zidanni taklif etish imkoniyatini jiddiy muhokama qilmoqda. «Aristokratlar» rahbarlari klubni yangi bosqichga olib chiqish uchun katta tajribaga ega, nufuzli va g‘alaba psixologiyasini yaxshi biladigan mutaxassis izlayotgani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Chelsi» rahbariyati ehtimoliy nomzodlardan iborat qisqa ro‘yxatni shakllantirib bo‘lgan. Unda Zinedin Zidandan tashqari Erik ten Xag, Garet Sautgeyt, Liam Rosenor, Frenk Lempard hamda Brendan Rojers kabi taniqli murabbiylar ham bor.
Avvalroq Ispaniya matbuotida Zinedin Zidan Xabi Alonso «Real»da ishdan olingan taqdirda, «qirollik klubi»ga uchinchi bor bosh murabbiy sifatida qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq hozircha bu ssenariy ikkinchi darajali variant sifatida qaralmoqda.
«Chelsi»da esa ayni damda bosh murabbiylik lavozimini Enso Mareska egallab turibdi. Shunga qaramay, klub ichidagi keskin vaziyat va rahbariyat bilan munosabatlardagi taranglik italiyalik mutaxassisning iste’fosi ehtimolini kuchaytirmoqda. Manbalarga ko‘ra, Mareskaning o‘zi ham jamoani tark etishga tayyor.
Muxlislar esa Zinedin Zidan kabi afsona murabbiyning Londonga kelishi «Chelsi» uchun yangi davr boshlanishi bo‘lishi mumkinligini katta qiziqish bilan muhokama qilmoqda.