00:00 / 18.12.2025
1 682

Andoni Iraola «Manchester Siti»da Gvardiola o‘rniga kelishi mumkin

Angliya Premer-ligasida «Bornmut»ni ishonch bilan boshqarib kelayotgan bosh murabbiy Andoni Iraolaning nomi yana bir bor yirik klub bilan bog‘lanmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis yaqin kelajakda «Manchester Siti»ga yo‘l olishi ehtimoldan holi emas.

TEAMtalk nashri tarqatgan ma’lumotga asoslansak, «shaharliklar» rahbariyati Iraolani ehtimoliy nomzodlar ro‘yxatiga kiritgan. Manchester klubi mutaxassisning «Bornmut»da olib borayotgan ishlarini diqqat bilan kuzatmoqda va uni kelajakda Xosep Gvardiolaning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida baholamoqda.

Biroq hozircha Gvardiolaning ketishi kun tartibida emas. Kataloniyalik murabbiy jamoada barqaror muhitni saqlab kelyapti va agar favqulodda jiddiy muammolar yuzaga kelmasa, u amaldagi shartnomasini to‘liq bajarishi kutilmoqda. Ma’lumot uchun, Gvardiolaning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2027 yil 30 iyunigacha amal qiladi.

Shu bilan birga, Iraola «Siti» uchun yagona variant emas. Klub rahbariyati o‘z vaqtida jamoa sharafini himoya qilgan, hozir esa murabbiy sifatida muvaffaqiyat qozonayotgan Vensan Kompanini ham diqqat markazida ushlab turibdi. Belgiyalik mutaxassis ayni damda Bundesliganing yirik klubi «Bavariya»ni samarali tarzda boshqaryapti.

Qisqasi, «Manchester Siti» kelajak haqida jiddiy o‘ylamoqda. Hozircha barchasi tinch, ammo klubning Gvardioladan keyingi davrga tayyorgarlik ko‘rayotgani ochiq-oydin sezilmoqda. Bu jarayonda Andoni Iraolaning nomi tobora ko‘proq tilga olinayotgani esa bejiz emas.


Angliya Premer-ligasi, Andoni Iraola, Manchester Siti, Xosep Gvardiola, Vensan Kompani
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing