14:04 / 20.12.2025
2 408

Rossiya uch nafar o‘zbekistonlik mahkumni terakt rejalashtirganlikda ayblamoqda

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Rostov viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyalaridan birida rejalashtirilgan terrorchilik harakatining oldi olingani haqida ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti agentligi xabar bermoqda.

Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, gumon qilinayotgan shaxslar — uch nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ular og‘ir jinoyatlar uchun jazo muddatini o‘tayotgan bo‘lgan. Rossiya tomonining iddao qilishicha, gumondorlar Rossiyada va qator boshqa mamlakatlarda taqiqlangan ISHID (ISIS) terrorchilik tashkiloti tarafdorlari hisoblanadi.

FXX bayonotida aytilishicha, mahkumlar qamoqxona xodimlarini garovga olish va koloniyadagi binolarga o‘t qo‘yishni rejalashtirgan. Ular bu borada batafsil harakat rejasi ishlab chiqqan, biroq uni amalga oshirishga ulgurmagan.

Tintuv davomida gumondorlar yonidan terrorchilik ramzlari tasvirlangan o‘tkir pichoqlar va mato parchalari topilgani aytilmoqda. Rossiya xavfsizlik xizmatlari ushbu buyumlarni rejalashtirilgan hujum bilan bog‘lamoqda.

Hozircha O‘zbekiston tomonining ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabati e’lon qilinmagan. Tergov ishlari davom etmoqda, gumondorlarning aybi sud orqali aniqlanishi kutilmoqda.


Rossiya xavfsizlik, O‘zbekiston fuqarosi, Terrorchilik harakati, ISHID tashkiloti, Tergov ishlari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing