
TikTok o‘zining AQSHdagi bo‘linmasini amerikalik investorlar nazorati ostida bo‘ladigan kompaniyaga sotishga kelishib oldi. Bu haqda Bloomberg nashri kompaniya bosh direktori Shou Zi Chu tomonidan yuborilgan ichki xatga asoslanib xabar berdi.
Bitim ByteDance kompaniyasining TikTok ustidagi nazoratni AQSHdagi egalariga topshirish jarayonini yakunlaydi. Bu esa AQSH milliy xavfsizligiga tahdidlarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoq bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Oracle Corp., Silver Lake va MGX investitsion jamg‘armasi bilan imzolangan. Bitimni 2026 yilning 22 yanvarida yakunlash rejalashtirilgan.
Bitim amalga oshirilgandan so‘ng, TikTok US Data Security (USDS) tuzilmasi asosida tashkil etilgan yangi qo‘shma korxona mustaqil kompaniya sifatida faoliyat yuritadi. U AQSHdagi foydalanuvchilar ma’lumotlarini himoya qilish, algoritmlar xavfsizligi va kontent moderatsiyasi sohalarida vakolatga ega bo‘ladi.