Tokio minorasi O'zbekiston bayrog'i ranglari bilan yoritildi

Tokio teleminorasiga O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglari bilan yoritildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi. Bu voqea Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi oldidan amalga oshirildi.
Davlat rahbari "Markaziy Osiyo + Yaponiya" birinchi sammitida ishtirok etadi. Uchrashuv davomida Toshkent va Tokio o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
The Mainichi nashrining yozishicha, sammitda Yaponiya hukumati Markaziy Osiyodagi davlatlar bilan sun’iy intellekt va Kaspiy dengizida logistika sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni taklif qilishni rejalashtirgan. Tokio sammit yakunlari bo‘yicha mintaqa davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishni kutmoqda.
2017-2024-yillar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo hajmi 2,3 barobarga o‘sib, 388,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shu davr ichida Tokio O‘zbekiston iqtisodiyotiga 184 million dollar miqdorida investitsiya kiritdi.
Joriy yilning dekabr oyi o‘rtalariga kelib, O‘zbekistonda Yapon kapitali ishtirokida 121 ta korxona faoliyat yuritayotgan edi. Tokio teleminorasi (Tokyo Tower) Yaponiyanig poytaxti ramzi va eng mashhur diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi.
U 1958 yilda qurilgan bo‘lib, balandligi 333 metrni tashkil etadi va dastlab tele- va radiouzatish uchun xizmat qilgan. Minorada kuzatuv maydonchalari joylashgan bo‘lib, uning rangi oq va to‘q sariqdir.