Zangiotada maktabda o‘quvchilar jazo sifatida majburiy ishlatildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan maktablardan birida o‘quvchilarga nisbatan qonunga zid holat aniqlandi. Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, ta’lim muassasasida ayrim o‘quvchilar tarbiyaviy jazo bahonasida majburiy mehnatga jalb qilingan.
Fuqaro murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida o‘quvchilarga daraxt oqlash, yer sug‘orish va qor kurash kabi ishlar yuklatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu ishlar maktab ma’muriyati va ayrim pedagoglar tomonidan “tarbiya chorasi” sifatida amalga oshirilgan.
Holat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, qonunbuzarlik tasdiqlandi. Natijada maktab ma’muriyatiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy jarima qo‘llandi.
Rasmiy ma’lumotlarda qaysi maktab ekani va necha nafar o‘quvchi majburiy mehnatga jalb qilingani ochiqlanmagan. Mas’ullar ta’lim muassasalarida bolalar huquqlari qat’iy himoya qilinishi shart ekanini yana bir bor ta’kidlamoqda.