
Qozog‘istonning Turkiston viloyatida joylashgan Keles tumanidagi Qoshqarota qishlog‘ida Keles daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik qulab tushdi. Hodisa 18 dekabr kuni sodir bo‘lgan bo‘lib, bu haqda mahalliy hokimlikka tayanib OAV xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘prik qulashi oldidan unda yoriqlar paydo bo‘lgani sezilgan va xavfsizlik chorasi sifatida harakat vaqtincha cheklangan. Shu bois hodisa vaqtida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Ayni paytda voqea joyida favqulodda vaziyatlar xizmati, huquq-tartibot organlari va mahalliy ijroiya hokimiyati vakillari ish olib bormoqda. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ko‘prikning eskirgani va tayanch ustunlari osti suv oqimi ta’sirida yuvilib ketgani fojeaga sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ko‘prik Turkiston viloyati Yo‘lovchi transporti va avtomobil yo‘llari boshqarmasi tasarrufida bo‘lib, hozirda u favqulodda tartibda ta’mirlanmoqda. Vaqtincha aholiga Alpamis va Birtilek qishloq okruglari orqali 10–15 kilometrli aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya etilgan.
Mas’ullar vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini ma’lum qilmoqda.
Turkiston viloyati, Keles tumani, Qoshqarota qishlog‘i, Ko‘prik qulashi, Favqulodda vaziyatlar