14:40 / 18.12.2025
2 834

"Galatasaroy" — "Bashakshehir" bahsida o‘zbek dueti barchaning diqqat markazida

Turkiya kubogi A guruhining ilk turida futbol ishqibozlarini qiziqtirgan to‘qnashuvlardan biri — “Galatasaroy” hamda “Istanbul Bashakshehir” o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tadi. O‘tgan mavsumda mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan “sariq-qizillar” bu yil ham musobaqada eng asosiy da’vogar sifatida maydonga chiqmoqda.

Shu bilan birga, Nuri Shahin boshchiligidagi “Bashakshehir” ham oxirgi paytlarda juda ishonchli o‘yin namoyish etyapti. Jamoa so‘nggi uchrashuvlarda qator muhim g‘alabalarni qayd etdi va bu natijalarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari — Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullayevning hissasi alohida e’tirof etilmoqda.

Turkiyaning nufuzli Fanatik va Fotomaç nashrlari mazkur o‘yin oldidan jamoalarning taxminiy asosiy tarkiblarini e’lon qildi. Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki o‘zbekistonlik futbolchi ham uchrashuvni ilk daqiqalardan boshlashi kutilmoqda. Bu esa mahalliy muxlislar uchun o‘yinga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda.

Fanatik talqinida “Galatasaroy” tarkibida Ikardi boshchiligida hujum chizig‘i kuchli ko‘rinsa, “Bashakshehir” safida Shomurodov va Fayzullayevning bir vaqtda maydonda bo‘lishi jamoaning hujumkor o‘yiniga yangi nafas bag‘ishlashi mumkin.

  • "Galatasaroy": Gyunay, Sallay, Arda, Abdulkerim, Kazimjan, Torreyra, Sara, Yusuf Demir, Axmed, Barish, Ikardi.
  • "Bashakshehir": Muhammad, O‘mer Ali, Duarte, Opoku, Onur, Umut Gyusyun, Berat, Fayzullayev, Xarit, Shomurodov, Selke.

Fotomaç esa tarkiblarda ayrim farqlar bo‘lishi mumkinligini qayd etgan bo‘lsa-da, o‘zbek legionerlarining asosiy tarkibdan joy olishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlagan.

  • "Bashakshehir": Muhammad, Onur, Opoku, Duarte, Ebosele, Onur, Fayzullayev, Umut, Xarit, Da Kosta, Shomurodov.
  • "Galatasaroy": Gyunay, Sallay, Arda, Abdulkerim, Kazimjan, Berkan, Sara, Axmed, Yunus, Barish, Ikardi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da start oladi. Uchrashuv nafaqat Turkiya kubogi taqdiri, balki o‘zbek futbolchilari ishtirokidagi qiziqarli to‘qnashuv sifatida ham muxlislar diqqat markazida bo‘lishi kutilmoqda.


Turkiya kubogi, Galatasaroy jamoasi, Bashakshehir klubi, O'zbek futbolchilari, Eldor Shomurodov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing