20:18 / 17.12.2025
2 039

Aqshda ishsizlar soni rekord darajaga chiqdi

AQSH mehnat bozorida vaziyat tobora og‘irlashib bormoqda. Mehnat statistikasi byurosi (BLS) e’lon qilgan yangi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, joriy yil noyabr oyida ishsizlik darajasi 4,6 foizga chiqib, oxirgi to‘rt yilda kuzatilmagan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. CNN tahliliga ko‘ra, bu raqam mehnat bozoridagi siljishlar aholi salomatligi va iqtisodiy barqarorlikka jiddiy ta’sir o‘tkazayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, noyabrda mamlakat bo‘ylab atigi 64 ming atrofida yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu miqdor prognozlarga nisbatan yaxshiroq bo‘lsa-da, oktyabr oyida qayd etilgan 105 ming ish o‘rnining yo‘qolishi iqtisodiy o‘sish sur’atlari hanuz pasayganini ko‘rsatib turibdi. Federal hukumatdagi ish tashlashlar va vaqtinchalik to‘xtatishlar tufayli oktyabr oyi uchun aniq ishsizlik ko‘rsatkichlari e’lon qilinmagandi, ammo noyabr oyidagi raqamlar vaziyatning yanada yomonlashganini isbotlamoqda.

Mutaxassislar mamlakat iqtisodiyoti “ishsizlik retsessiyasi” deb ataladigan bosqichga kirganini aytmoqda. Navy Federal Credit Unionning bosh iqtisodchisi Xizer Long ta’kidlashicha, oxirgi uch oy davomida yangi ish o‘rinlari sezilarli tarzda qisqarib borgan. Hozirda faqat sog‘liqni saqlash va qurilish kabi ayrim tarmoqlarda o‘sish saqlanib qolgan, ammo iqtisodiyotning qolgan qismlarida pasayish kuzatilmoqda.

Ishsizlikning o‘sishi eng avvalo aholining zaif qatlamlari va irqiy ozchiliklariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, qora tanli ishchilar orasida ishsizlik darajasi 8,3 foizga ko‘tarilgani qayd etilgan. Tahlilchilar bu holatga Donald Tramp ma’muriyati joriy etgan tarif siyosati, shuningdek federal shtatlar xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar asosiy omil bo‘lganini aytishmoqda.

Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati tarkibidagi Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) tomonidan federal agentliklardagi ishchi o‘rinlarini keskin qisqartirish ham vaziyatga ta’sir qilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, sentyabr oyi yakuniga qadar federal sektorda 162 mingta ish o‘rni bekor qilingan.

Qizig‘i shundaki, AQSHda ishsizlik ko‘tarilayotgan bir paytda, Rossiyada aksincha, ishsizlik darajasi tarixiy minimumga yetgani ma’lum qilindi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 28-oktyabr kuni o‘tkazilgan iqtisodiy yig‘ilishda bu haqda alohida to‘xtalib o‘tgan edi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing