AQSHda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirgan shaxs hali ham qidirilmoqda

AQSH huquqni muhofaza qilish organlari Braun universitetida sodir bo‘lgan qonli otishma yuzasidan tergov ishlarini davom ettirmoqda. Reuters axborotiga ko‘ra, mazkur hodisada halok bo‘lgan ikki talaba — O‘zbekiston fuqarosi Muhammadaziz Umurzakov va amerikalik Ella Kukning o‘limida gumon qilingan shaxs hali ham aniqlanmagan.
Matbuot anjumanida rasmiylar hujumchining shaxsini belgilash hozircha imkoni bo‘lmayotganini ma’lum qildi. Tergovni jadallashtirish maqsadida politsiya kuzatuv kameralari orqali olingan videoyozuvlarni jamoatchilikka taqdim etgan. Rod-Aylend shtati bosh prokurori Piter Neronxining ta’kidlashicha, videoda aks etgan shaxs aynan otishmani amalga oshirgan deb hisoblanmoqda, biroq uning harakat sabablari hozirgacha noma’lumligicha qolmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining hali qo‘lga olinmagani aholi orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Fojea oqibatida ikki talaba hayotdan ko‘z yumgan, yana sakkiz kishi turli darajada jarohat olgan. Jabrlanganlarning yetti nafari shifoxonada davolanmoqda, ulardan birining ahvoli og‘ir ekani qayd etilgan.
Braun universiteti rahbariyati hodisadan so‘ng xavfsizlik choralarini kuchaytirganini ma’lum qildi. Kampus binolariga kirish vaqtincha cheklangan, qo‘shimcha qo‘riqlash postlari o‘rnatilgan va talabalar hamda xodimlar xavfsizligi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma 14 dekabr kuni universitetning muhandislik kampusida sodir bo‘lgan. Politsiya xabarida aytilishicha, hujumchi imtihonlar bo‘layotgan paytda eshiklari ochiq qolgan binoga to‘siqsiz kirgan va 9 mm kalibrli to‘pponchadan auditoriya ichida o‘t ochgan. Shundan so‘ng u voqea joyidan yashiringan.
Hozirda tergov organlari jinoyatchini aniqlash va ushlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Universitet jamoasi esa halok bo‘lgan talabalar xotirasiga hamdardlik bildirib, adolat tez orada qaror topishiga umid bildirmoqda.
Braun universiteti, O‘zbekiston fuqarosi, Rod-Aylend shtati, Tergov ishlari, Talabalar xavfsizligi