17:26 / 16.12.2025
8 463

Tinch okeanida AQSH zarbalari ortidan sakkiz kishi halok bo‘ldi

AQSH Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, sharqiy Tinch okeani akvatoriyasida giyohvand moddalarni tashiyotgani taxmin qilingan uchta kemaga nisbatan hujum amalga oshirilgan va zarbalar oqibatida sakkiz nafar shaxs halok bo‘lgan. Hujumlar xalqaro suvlarda ro‘y bergani ta’kidlanadi.

Rasmiy ma’lumotlar taxminiga ko‘ra, birinchi kemada uch, ikkinchisida ikki, uchinchisida esa yana uch kishi halok bo‘lgan. Bu operatsiya AQSH Prezidenti Donald Trampning Lotin Amerikasidagi narkokartellarga qarshi “joyida kurash” siyosatini kuchaytirishga qaratilgan farmoni doirasida amalga oshirilgan.

Avvalroq mazkur strategiya asosida AQSH avgust oyi oxirida Venesuela sohillariga suvosti kemasi va jangovar kemalarni o‘z ichiga olgan dengiz guruhini yo‘llagan edi. O‘sha vaqtda mudofaa vaziri Pit Hegset AQSH harbiylari Venesuela hududida, hatto mavjud hokimiyatni almashtirishga doir ssenariylarni amalga oshirishga ham tayyor turganini bildirgan.

Shu bilan birga, Karib havzasi va Tinch okeanida narkotrafikni cheklash bahonasida olib borilayotgan bunday amaliyotlar xalqaro maydonda jiddiy bahslarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, kemalarga bevosita zarba berish va borddagilarni o‘ldirish “sudsiz qatl” sifatida talqin qilinmoqda va bu masala ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.


AQSH Qurolli kuchlari, Janubiy qo'mondonlik, Tinch okeani, Narkokartellarga qarshi, Xalqaro suvlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing