20:59 / 18.11.2025
1 057

Yaponiya fuqarolariga Xitoyda ehtiyot bo'lishni tavsiya qildi


Yaponiya hukumatining Xitoydagi fuqarolariga xavfsizlik choralariga rioya qilish va odamlar gavjum joylardan uzoqroq bo‘lish tavsiyasini berdi. Ushbu chaqiriq Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichining Xitoyning Tayvanga hujum qilishi ehtimoli Yaponiyaning xavfsizligiga tahdid solishi va harbiy javobga olib kelishi mumkin degan bayonotidan keyin e'lon qilindi.

Bu bayonot Tokiyo va Pekin o‘rtasida jiddiy diplomatik inqirozga sabab bo‘ldi. Xitoy Takaichidan o‘z so‘zlarini qaytarishni talab qildi, biroq Yaponiya hukumati o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasligini va Tayvan masalasi tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Mojaro fonida Xitoy o‘z fuqarolariga Yaponiyaga borishni tavsiya etmayotganini e’lon qildi. Shu munosabat bilan sayyohlik kompaniyalari parvozlarni bekor qila boshladi va chipta pullarini qaytarib bermoqda.

Xitoyda yapon filmlarining namoyishi ham to‘xtatildi. Ushbu holat Yaponiya turizmi va biznesiga sezilarli zarba bo‘ldi, chunki Xitoy sayyohlari mamlakatdagi umumiy sayyohlarning qariyb chorak qismini tashkil etadi.

Vaziyat keskinligicha qolmoqda: Xitoy kemalari Senkaku orollari atrofidagi bahsli suv hududlariga kirgan bo‘lsa, AQSh Yaponiyani ittifoq shartnomasiga binoan himoya qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing