20:27 / 18.11.2025
2 207

Oʻzbekiston fuqarosi 4 yilga qamaldi


Omsk sudi Oʻzbekiston fuqarosini 4 yil ogʻir rejimli koloniyada qamoq jazosiga hukm qildi. Erkak oʻtkinchini kaltaklagani va ustiga it qoʻyib hujum qildirgani uchun aybdor deb topildi.

Sudning birinchi instansiya qaroriga koʻra, mahkum jabrlanuvchiga maʼnaviy zarar uchun deyarli yarim million rubl tovon puli toʻlashi shart. Hududiy sudga berilgan apellyatsiya natija bermadi, kassatsiya instansiyasi ham jazoni adolatli deb topib, uning haddan tashqari ogʻirligi haqidagi shikoyatni rad etdi.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil 9-iyul kuni kechasi 36 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi Omsk shahridagi bogʻdorchilik uyushmasida begona bir kishini tayoq va oyoqlari bilan kaltaklagan. Hujumga yer egasi yollagan ishchi ham qoʻshilgan.

Jabrlanuvchi qochishga uringanda, dala hovli egasi uning ustiga itini tashlagan, natijada it jabrlanuvchini kamida yigirma marta tishlagan. Erkak koʻplab jarohatlar, jumladan bosh suyagi sinishi kabi ogʻir tan jarohatlari olgan.

Ayblanuvchi oʻz aybini qisman tan olib, bularning barchasi mulkni oʻgʻirlikdan himoya qilish maqsadida sodir etilganini daʼvo qilgan. Sud uning boshqa shaxslar bilan birgalikda qasddan ogʻir tan jarohati yetkazganini aniqlab, aybdor deb topdi.

Hujumda ishtirok etgan ikkinchi shaxs qochishga muvaffaq boʻlgan va hozircha javobgarlikka tortilmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing