19:30 / 09.12.2025
89 225

O‘zbekistonda humanoid robotlar ishlab chiqariladi


2025 yil 9 dekabr kuni «O‘zelektrotexsanoat» uyushmasi va Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi O‘zbekistonda humanoid robotlar ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzoladi. Loyihani amalga oshirish uchun Toshkentda 66 ming kvadrat metr maydon ajratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, hujjatda yangi soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish masalasi ham ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi muzokaralar o‘zbek-koreys davra suhbati doirasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston hukumati vakillari, jumladan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Maeil Business Newspaper nashrining yozishicha, O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat dasturlariga birinchi darajada e’tibor qaratishga tayyor.

1999 yilda Seulda tashkil etilgan Robotis kompaniyasi robototexnika uskunalari, jumladan, modulli «aqlli» drayvlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. So‘nggi yillarda kompaniya avtonom xizmat robotlari, jumladan, kuryer robotlarini yaratish bilan shug‘ullanmoqda.


O'zbekiston Respublikasi, Janubiy Koreya, Humanoid robotlar, Robotis kompaniyasi, Toshkent shahar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing