15:20 / 21.12.2025
1 721

Arne Slot jamoasining kechagi g‘alabasini qanday baholadi?

Angliya Premer-ligasida «Liverpul»ning «Tottenhem» ustidan qo‘lga kiritgan 2:1 hisobidagi g‘alabasi jamoa uchun nafaqat ochkolar, balki muhim xulosalar ham olib keldi. Uchrashuvdan keyin «qizillar» bosh murabbiyi Arne Slot o‘yin tafsilotlari, ayrim futbolchilarning sog‘ligi va jamoa holati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvda hisob 56-daqiqada Aleksandr Isak tomonidan ochildi. Biroq gol urilgan epizoddayoq hujumchi jarohat olib, o‘yinni davom ettira olmadi. Shu orqali Isakning ahvoli muxlislar orasida jiddiy savollar uyg‘otdi. Arne Slotning ta’kidlashicha, hozircha tibbiy xulosa yo‘q, ammo gol urgandan keyin maydonga qaytishga urinilmagani xavotirli belgidek tuyuladi.

O‘yin ssenariysi ham dramatik kechdi. «Tottenhem» birinchi bo‘limda Xavi Simonsning qizil kartochka olishi orqali bir o‘yinchisidan ayrildi. Shunga qaramay, «Liverpul» ustunligini saqlab qoldi va Ekitike tomonidan urilgan ikkinchi gol hisobni 2:0 ga yetkazdi. Ikkinchi bo‘limda zahiradan tushgan Risharlison bir to‘p bilan intrigani tikladi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa «shporlar» sardori Kristian Romero ikkinchi sariq kartochkadan keyin maydonni tark etib, londonliklar uchrashuvni 9 kishi bilan yakunladi.

Jamoa rivoji haqida gapirar ekan, Slot natija muhimligini alohida ta’kidladi: o‘yin davomida barcha jihatlar ideal bo‘lmasa-da, ochkolar jamg‘arilayotgani jamoa o‘sishidan dalolat beradi. Shuningdek, Konor Bredli almashtirilishi taktik qaror bo‘lgani, hujumda bosimni saqlash maqsad qilingani aytildi.

Qizil kartochkalar masalasida esa Slot hakamlar va VAR qarorlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini, ayrim hollarda oddiy qoidabuzarlik ham maydondan chetlatishga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.

Ushbu g‘alabadan keyin «Liverpul» ochkolarini 29 taga yetkazib, turnir jadvalida 5-pog‘onaga ko‘tarildi. Jamoa uchun eng muhimi esa — natijalar bilan birga barqarorlik ham shakllanib borayotgani.


Angliya Premer-ligasi, Liverpul jamoasi, Arne Slot, Qizil kartochkalar, Turnir jadvali
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing