17:29 / 21.12.2025
1 541

Orbandan shov-shuvli bayonot: Ukraina qulashi Vengriya uchun jiddiy falokat...

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan keskin va shov-shuvli bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, agar Ukraina davlat sifatida zaiflashsa yoki qulasa, bu nafaqat mintaqaviy, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Vengriya manfaatlariga zarba bo‘ladi.

Orban fikricha, urush Ukrainaga kuch bermayapti, aksincha, uni iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy jihatdan izdan chiqaryapti. Shu sababli Budapesht uchun eng to‘g‘ri yo‘l — qo‘shni davlatning barqarorligini saqlab qolish.

«Agar Ukraina qulasa, bu Vengriya uchun falokatga aylanadi. Demak, bunga yo‘l qo‘ymaslik — bizning milliy manfaatlarimizga to‘liq mos keladi. Urush hech qachon davlatni mustahkamlamaydi, u faqat vayron qiladi», — dedi Orban.

Bosh vazir Vengriya hozir ham Ukrainaga jiddiy amaliy yordam ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina iste’mol qilayotgan elektr energiyasining qariyb yarmi — aniqrog‘i, 44 foizi Vengriya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, gaz importining ham 58 foizi aynan Vengriya orqali ta’minlanmoqda.

Orbanning bu bayonoti Yevropa siyosiy maydonida turli bahslarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar uni pragmatik yondashuv deb baholasa, boshqalar Budapeshtning pozitsiyasida geosiyosiy hisob-kitoblar ustun ekanini ta’kidlamoqda. Biroq bir narsa aniq: Vengriya Ukraina taqdiriga befarq emas va bu masalada o‘z manfaatlarini ochiq aytishdan tortinmayapti.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing