Donarumma Gvardiola bilan ishlashini katta baxt deb atadi

«Manchester Siti» darvozaboni Janluiji Donnarumma bosh murabbiy Xosep Gvardiola bilan munosabatlari haqida fikr bildirdi. Italiyalik posbon ispaniyalik mutaxassisga yana bir bor minnatdorlik izhor qilib, uning murabbiylik salohiyatini alohida ta’kidladi.
«Men Pepni juda hurmat qilaman. Munosabatlarimiz a’lo: u turli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishimga va xotirjam bo‘lishimga yordam beradi. Har kim shunday murabbiy bilan ishlashni orzu qiladi. Uning jamoasiga tushganimdan o‘zimni baxtli his qilaman.
Umid qilamanki, bu yerda yana ko‘p yillar birga ishlaymiz va klub tarixini yangidan yozishga hissa qo‘shamiz. Men uchun bu juda alohida», — deya Donnarummaning so‘zlarini Sport Witness keltirdi.
Janluiji Donnarumma sentyabr oyida Fransiyaning «PSJ» klubidan «Manchester Siti» safiga o‘tgandi.