Xosep Gvardiola: «Yangi futbolchilar meni yana ishlashga undaydi»

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola nima sababdan klubda ishlashni davom ettirayotganini ochiqchasiga tushuntirib o‘tdi. Ispaniyalik mutaxassisga ko‘ra, uni oldinga undayotgan asosiy omil — jamoada doimiy yangilanish va yangi yuzlarning paydo bo‘lishi.
— Meni doim yangi xodimlar, yangi futbolchilar ilhomlantiradi. Agar 10 yil davomida bir xil odamlar bilan ishlaganimda, men ulardan charchagan bo‘lardim. Rostini aytsam, ular mendan qanchalik charchagan bo‘lishi mumkinligini ham tasavvur qila olmaysiz, — dedi Gvardiola matbuot anjumanida.
U so‘nggi paytlarda jamoaga qo‘shilgan futbolchilarni alohida ta’kidlab o‘tdi. Gvardiola Husanov, Reys, Echeverri, Marmush, Ait-Nuri, Niko Gonsales va boshqa yangi o‘yinchilarning kelishi jamoada mutlaqo yangi muhit hosil qilganini qayd etdi.
— Men ularning jamoaga moslashishi, o‘yin uslubimizni tushunib olishi va yanada yaxshiroq futbolchiga aylanishiga yordam berishni istayman. Shu jarayonning o‘zi meni doimiy ravishda rivojlanishga undaydi, — dedi murabbiy.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, «Siti»da ishlayotgan yillari davomida jamoa bir joyda qotib qolmagan. Taktika ham, tarkib ham, o‘yin falsafasi ham muntazam o‘zgarib borgan.
— Biz hozir avval qilgan ishlarimizni umuman bajarmayapmiz. Agar shu yillar davomida bir xil taktika va bir xil tarkib saqlanib qolganida, men bu yerda 10 yil ishlab qolmagan bo‘lardim. Hech qachon, — deya qat’iy fikr bildirdi u.
Ma’lumot o‘rnida, ispaniyalik mutaxassis «shaharliklar»ni 2016 yil yozidan buyon boshqarib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u klub bilan 2027 yil yoziga qadar mo‘ljallangan yangi shartnomani imzoladi.
Shuningdek, «Manchester Siti»ning «Vest Hem»ga qarshi uchrashuvi bugun, 20 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi. Avvalroq Gvardiola ehtimol, 75 yoki 76 yoshida klub bilan xayrlashishi mumkinligini ham hazilomuz tilga olgan edi.
Xulosa bitta: yangi futbolchilar — Gvardiola uchun yangi motivatsiya, yangi energiya va yangi g‘alabalar demak.