Brunu Fernandesh: «Yunayted»ga sadoqatim takliflardan ustun

“Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh jamoani tark etish imkoniyati haqida ochiq fikr bildirdi. Portugaliyalik yarim himoyachi aytishicha, faoliyati davomida u klubdan ketishi uchun ikki marta aniq taklif olgan, ammo har ikki holatda ham “qizil iblislar” rahbariyati uni jamoada saqlab qolishga qaror qilgan.
— Bu klubga ilk bor kelganimda, barchasi menga ma’qul edi. “Yunayted”ni chin dildan yaxshi ko‘raman va eng og‘ir davrlarda ham sadoqatimni isbotlashga harakat qildim. Rostini aytsam, ketish uchun ikki bor imkoniyat bo‘lgan. Lekin klubdagilar: “Sen hali bizga juda keraksan”, deb qolishimni so‘rashdi. Men esa ularga: “Sizlar mendan nimani kutayotgan bo‘lsangiz, shuni to‘liq qaytaraman”, dedim, — dedi Fernandesh.
Brunu ta’kidlashicha, u “Yunayted”ga kelganda yagona maqsad — sovrinlar yutish bo‘lgan. Garchi natijalar ayrim muxlislar kutgan darajada bo‘lmagan bo‘lsa-da, futbolchi o‘z mas’uliyatini to‘liq his qiladi.
— Balki biz kamroq sovrin yutib olgandirmiz, balki ko‘proq g‘alabalarga erishishimiz kerak edi. Lekin men bu jamoa uchun bor kuchimni beryapman. Shu bilan birga, boshqa futbolchilarning mehnatini ham kamsitish niyatim yo‘q. Hammamiz bir maqsad yo‘lida harakat qilyapmiz, — deya qo‘shimcha qildi u.
Yarim himoyachi nega hali ham “Old Trafford”da qolganini ham ochiq aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy omil — kelajakda sovrinlar yutishiga bo‘lgan ishonch.
— Men aynan shu ishonch tufayli qolyapman. Agar klub rahbariyati: “Sen bizga kerak emassan”, deb aytganda yoki maqsadlarimizda sovrinlar bo‘lmaganida, ketgan bo‘lardim. Ammo men “Manchester Yunayted”ning avvalgi buyuk darajasiga qaytishini istayman. Shu orzu bilan kelgandim va shu yo‘lda yordam berishni xohlayman, — dedi Brunu Fernandesh.
Muxlislar fikricha, bunday bayonotlar jamoa sardorining nafaqat maydonda, balki ruhiy jihatdan ham “Yunayted” uchun qanchalik muhim ekanini yana bir bor isbotlaydi.
Manchester Yunayted, Brunu Fernandesh, Portugaliya futbolchisi, Sovrinlar yutish, Old Trafford