14:30 / 18.12.2025
4 764

O‘tkir Yusupov yana “Navbahoda: tajriba va ishonch qaytdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishonchli posboni, tajribali darvozabon O‘tkir Yusupov faoliyatini yana Namanganning “Navbahor” klubida davom ettiradi. Eronning “Fulad” jamoasida qariyb bir yarim yil to‘p tepgan futbolchi o‘zini katta futbolga olib kirgan, muxlislar uchun aziz bo‘lgan jamoasiga qaytayotgani bilan e’tiborni tortdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 34 yoshli darvozabon Xuziston klubi safida o‘tgan davr mobaynida qator muhim o‘yinlarda ishtirok etib, xalqaro tajriba to‘plashga ulgurdi. Biroq, qalb yaqin jamoa baribir o‘z kuchini ko‘rsatdi — Yusupov “Navbahor” taklifini qabul qildi va yana “lochinlar” safida harakat qiladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘tkir Yusupov 2019–2024-yillar davomida “Navbahor” sharafini himoya qilgan, jamoa bilan birga qator muhim g‘alabalarga hissa qo‘shgan va Namangan muxlislarining haqiqiy sevimlisiga aylangan edi. Uning maydondagi xotirjamligi, ishonchli seyvlari va yetakchilik fazilatlari jamoa uchun katta tayanch bo‘lib kelgan.

Endi esa tajribali posbonning qaytishi “Navbahor” uchun yangi bosqich, muxlislar uchun esa katta umid demakdir. Yusupovning orttirgan xalqaro tajribasi va boy futbol maktabi jamoaga yangi mavsumda albatta foyda keltirishi kutilmoqda. Muxlislar esa yana bir bor darvoza ortida ishonchli devorni ko‘rishga tayyor.


O'zbekiston terma jamoasi, O'tkir Yusupov, Navbahor klubi, Xalqaro tajriba, Namangan muxlislari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing