21:14 / 17.12.2025
3 324

Allegri: «Napoli»ga qarshi Superkubok bahsi oson bo‘lmaydi

«Milan» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Italiya Superkubogi yarim finali doirasida «Napoli»ga qarshi bo‘ladigan muhim to‘qnashuv oldidan jamoaning tayyorgarligi va raqib haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bellashuv 18-dekabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladi va Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.

Italiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, Superkubok uchrashuvi oddiy chempionat bahslaridan tubdan farq qiladi. Bu pley-off formatidagi o‘yin bo‘lib, unda xato qilishga o‘rin yo‘q. Allegrining so‘zlariga ko‘ra, yagona maqsad — finalga yo‘l olish.

Murabbiy «Napoli» jamoasining ruhiy holatiga alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng neapolliklar maydonga juda katta ishtiyoq va g‘azab bilan chiqadi. «Ularning ham maqsadi bizniki kabi — g‘alaba va final. Shu bois, bizdan taktik jihatdan yetuk, to‘liq jipslashgan o‘yin talab etiladi», — dedi Allegri.

Shuningdek, u Antonio Konte jamoalarining qiyin vaziyatlarda o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solishini yaxshi bilishini ta’kidladi. Allegrining fikricha, bunday raqibga qarshi nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham puxta tayyor bo‘lish juda muhim.

Tarkib masalasiga to‘xtalar ekan, Allegri Fofana to‘liq tayyor ekanini, Leauning holati esa mashg‘ulotdan keyin aniqlanishini aytdi. Salemakersning universalligi jamoaga muvozanat berishini, u hujumda ham, himoyada ham faol harakat qila olishini ta’kidladi. Shuningdek, Atekame va Yasharining tiklangani «Milan» uchun qo‘shimcha variantlar yaratayotganini qayd etdi.

Mutaxassisning fikricha, ushbu bahs nafaqat jismoniy kurash, balki aql va sabr sinovi ham bo‘ladi. Muxlislar esa Ar-Riyodda qiziqarli, keskin va prinsipial to‘qnashuv guvohi bo‘lishlari kutilmoqda.


Massimiliano Allegri, Italiya Superkubogi, Saudiya Arabistoni, Milan jamoasi, Taktik yetuklik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing