17:42 / 17.12.2025
3 463

World Boxing yil yakunlari: o‘zbekistonlik bokschilar oltinlar bilan yetakchi

World Boxing tashkiloti 2025 yil davomida o‘tkazilgan xalqaro musobaqalar natijalariga ko‘ra, oltin medal sohiblari bo‘lgan bokschilarning rasmiy ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu reyting yil davomida World Boxing tasarrufidagi turnirlarda eng yuqori natija qayd etgan sportchilar asosida shakllantirilgan.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston boks maktabi yana bir bor o‘zining kuchini namoyish etdi. Ro‘yxatga kiritilgan sportchilar orasida Fazliddin Erkinboyev va Javohir Ummataliyev alohida ajralib turibdi. Har ikki bokschi yil davomida uchtadan oltin medal qo‘lga kiritib, 2025 yilni World Boxing turnirining mutlaq yetakchilari sifatida yakunladi.

Reytingda, shuningdek, bir qator o‘zbekistonlik bokschilarning nomlari ham qayd etilgan. Ular orasida Akmaljon Isroilov, Asadxo‘ja Muydinxo‘jayev, Asilbek Jalilov, Jahongir Zokirov, Turabek Habibullayev va Abdumalik Xalokov kabi sportchilar bor. Bu holat O‘zbekiston boks maktabi xalqaro maydonda barqaror va tizimli ravishda kuchayib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ro‘yxat xalqaro tusga ham ega. Unda Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Italiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar vakillari ham bor. Masalan, Luiz Oliveyra, Yuri Reys, Kain Reys, Sabirjan Akkalikov, Sachin Sivach, Salvatore Attrativa, Shion Nishiyama, Sanjar Toshkenbay, Aybek Oralbay va Bekzad Nurdauletov kabi bokschilar o‘z mamlakatlari sharafini himoya qilib, oltin medallarga sazovor bo‘lishgan.

Mutaxassislar fikricha, o‘zbekistonlik bokschilarning ushbu ro‘yxatda ko‘pchilikni tashkil etishi mamlakatda olimpiya boksiga berilayotgan e’tibor, murabbiylar maktabi va yoshlar bilan olib borilayotgan tizimli ishlarning samarasidir. World Boxing musobaqalaridagi bu natijalar kelgusi yirik startlar oldidan ham katta ishonch bag‘ishlaydi.

2025 yil natijalari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston boksi xalqaro arenadan o‘z o‘rnini mustahkamlab, yetakchi davlatlar qatorida qolishda davom etmoqda.


World Boxing, O‘zbekiston boksi, Xalqaro musobaqalar, Olimpiya boksi, Fazliddin Erkinboyev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing