Amir G‘alinoi: O‘zbekistonga qarshi o‘yinda jamoam o‘sish ko‘rsatdi

Al Ain Cup finalida O‘zbekistonga qarshi maydonga tushgan Eron terma jamoasi musobaqadan keyin bosh murabbiy Amir G‘alinoi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Murabbiy uchrashuv tahlilini berib, jamoa rivojiga oid muhim nuqtalarni bayon qildi.
G‘alinoining ta’kidlashicha, bellashuvning dastlabki qismida jamoa o‘yinga to‘liq kirisha olmagan. Biroq vaqt o‘tishi bilan tashabbus to‘liq Eron futbolchilari qo‘liga o‘tgan va uchrashuvning katta qismida to‘liq hukmronlik qilishgan.
«O‘zbekiston bilan o‘yinni ancha sekin boshladik, lekin 25-daqiqadan keyin o‘yin to‘liq nazoratimizga o‘tdi. Tanzaniyaga qarshi o‘yinni ham hisobga olsak, oxirgi uch uchrashuvda darvozamizni ishonchli saqlab kelyapmiz. Bugungi bahsda juda ko‘p burchak to‘plar ishladik, bir qator aniq holatlar yaratdik. Bu o‘sishimizdan dalolat», — dedi murabbiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bo‘limda Eron to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritgan, O‘zbekiston esa xatarli holatlar yarata olmagan.
«O‘zbekiston Misrga qarshi juda faol o‘ynagandi, lekin bizga qarshi bunday bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda raqib umuman xavf sololmadi. To‘p nazorati 60/40 bo‘ldi, bu esa hujum ham, himoya ham mukammal ishlaganini ko‘rsatadi», — deya davom etdi G‘alinoi.
Murabbiy ayniqsa Majid Hosseyni maydonga tushgach, himoyadagi barqarorlik sezilarli oshganini qayd etdi. Shu bilan birga, Sardor Azmun, Mehdi Gayedi, Ali Qolizoda va Alireza Jahonbaxsh kabi yetakchilar safga qaytsa, Eronning darajasi yanada oshib ketishini ta’kidladi.
«Agar jarohatdan qaytayotgan futbolchilarimiz safga qo‘shilsa, jamoamiz yana bir bosqichga ko‘tariladi. Bugun 90 daqiqa davomida g‘alaba qozonishimiz mumkin edi — faqat vaziyatlardan foydalanmadik. Bizga natija emas, rivojlanish muhim», — dedi u.
G‘alinoi raqibning raqamda tenglik bo‘lgan paytda ham hujumda kuchsizlik ko‘rsatganini ta’kidladi va bosim ostida O‘zbekiston himoyachisi maydondan chetlatilganini eslatdi.
«Bu — hujumdagi o‘sishimiz belgisi. Bugun Kabo-Verdega nisbatan tezroq to‘p aylantirdik, shiddatliroq o‘ynadik. O‘zbekistonga qarshi bahsdan juda mamnunman. Himoyada ham, hujumda ham kuchli jihatlarni namoyon qildik», — dedi Eron bosh murabbiyi.
Uning fikricha, penaltida yutish yoki yutqazish bunday o‘rtoqlik musobaqalarida muhim emas. Asosiysi — jamoa qanday rivojlanayotgani.
Eron terma jamoasi g‘olib chiqmagan bo‘lsa-da, murabbiy jamoa harakatidan mamnun va kelgusi uchrashuvlarda yanada kuchliroq tarkib bilan maydonga tushishlarini ma’lum qildi.