Eronning tarkibida final oldidan kutilmagan o‘zgarishlar bo‘ldi

“Al Ain Cup” musobaqasi finaliga sanoqli soatlar qoldi. Ertaga kechki ilk uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron bilan yuzma-yuz keladi. Ikki jamoa ham g‘alaba uchun ko‘p narsani berishga tayyor, raqiblar tarkibida esa final oldidan bir qator o‘zgarishlar kuzatildi.
Eron bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi FIFA kunlari uchun avval katta ro‘yxat e’lon qilgandi. Biroq Kabo-Verdega qarshi o‘tkazilgan bahsdan so‘ng terma jamoada kutilmagan kadrlar almashinuvi ro‘y berdi. “Sepaxon” himoyachisi Amin Xazbavi va Rossiyaning “Rostov” klubi uchun harakat qiladigan Muhammad Mohebbi jarohatlar sabab yig‘inni tark etib, o‘z jamoalari ixtiyoriga qaytdi.
Ayniqsa, Mohebbining holati hayrat uyg‘otdi. U Kabo-Verdega qarshi to‘liq o‘yin o‘tkazgan, keyin esa o‘zini noqulay his qila boshlagan. Penaltilar seriyasida ham aniq zarba bergan futbolchi jarohat ortidan umumiy ritmdan chiqib qoldi. Xazbavi esa o‘tgan o‘yinda qaydnomaga ham kiritilmagandi.
G‘alenoyi ushbu yo‘qotishlarni tezda qoplashga intilib, ularning o‘rniga ikki qanot hujumchisini chaqirdi. Dubayning “Al-Nasr” klubi hujumchisi Mehdi Gayedi hamda “Al-Ittihod Kalba” vakili Muhammadmexdi Mohebi tezkor ravishda terma jamoa yig‘iniga qo‘shildi. Bu o‘zgarishlar amalda Eronning qanotdagi uquvini yanada kuchaytirishga qaratilgandek ko‘rinadi.

Shu bilan birga, “Persepolis” jamoasi vingeri Muhammad Omri kichik jarohatdan tuzalib, asosiy tarkib bilan to‘liq mashg‘ulotni boshladi. Uning qaytishi G‘alenoyiga hujumdagi variantlar sonini ko‘paytirish imkonini bermoqda.
Ikkala terma jamoa ham juda mas’uliyatli bahs ostonasida turibdi. O‘zbekiston tarkibi barqaror va yaxshi kayfiyatda finalga tayyorlanmoqda. Eron esa kuchaygan qanotlar va yangi variantlar bilan finalga kirib kelyapti.
Futbol ishqibozlari kutgan kun ham yetib kelmoqda. Eron — O‘zbekiston o‘yini ertaga soat 21:00 da start oladi. Finalda qaysi jamoa so‘zini aytadi? Muxlislarni oldinda juda maroqli kecha kutib turibdi.
Al Ain, O‘zbekiston Termasi, Eron Jamoasi, Futbol Finali, Qanot Hujumchisi