16:19 / 16.11.2025
6 200

O'zbekiston bokschilari Hindistonda muvaffaqiyatli start oldi


Hindistonda World Boxing Kubogining final bosqichi boshlandi. Bugun O'zbekiston sharafini himoya qilayotgan to'rt nafar bokschi chorak final janglarini o'tkazib, musobaqani muvaffaqiyatli boshladi.

Ulardan uch nafari yarim finalga chiqishga muvaffaq bo'ldi. Birinchi bo'lib 54 kg vazn toifasida ringga chiqqan Nigina Uktamova hindistonlik raqibi Preetiga qarshi jang olib bordi.

Ushbu bahsda hakamlar bir ovozdan ring egasiga g'alabani taqdim etishdi — 0:5. Shunday qilib, Uktamova musobaqadagi ishtirokini chorak final bosqichida yakunladi.

O'zbekiston vakilasi Azizaxon Zokirova esa yarim final bosqichiga yo'l oldi. 70 kg vazn toifasida u nigeriyalik sportchi Patrisiya Mbataga qarshi jangda ishonchli g'alaba qozondi.

Hakamlar bir ovozdan Zokirovaning foydasiga qaror qilishdi — 5:0. Adhamjon Muxiddinov ham musobaqaning keyingi bosqichiga yo'l oldi.

65 kg vazn toifasida u janubiy koreyalik bokschi Jang Dongvan bilan jang olib bordi va 5:0 hisobida g'alaba qozondi. Tortishish vazni 90 kg dan yuqori bo'lgan toifada Halimjon Mamasoliyev O'zbekiston sharafini himoya qildi.

U avstriyalik sportchi Ahmad Xagagni 5:0 hisobida mag'lub etib, yarim finalga yo'l oldi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing