00:25 / 16.11.2025
3 241

U-17 pley-offda sensatsiyalar va kutilmagan natijalar bo‘ldi

Qatarda davom etayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 1/16 final bosqichi nihoyasiga yetdi va bu bahslar futbol olamida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, amaldagi chempion Germaniyaning musobaqani kutilmaganda erta tark etishi barcha muxlislarni lol qoldirdi. Afrika futboli yana bir bor o‘sishda ekanini isbotlagan Burkina-Faso yoshlari nemislarni 5-daqiqadagi gol bilan ham hayratda, ham musobaqadan tashqarida qoldirdi.

Osiyo qit’asi vakillari orasida esa faqat O‘zbekiston, Yaponiya va KXDR yigitlari pley-off bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Janubiy Koreya Angliyaga qarshi o‘yinda intilish bilan harakat qilgan bo‘lsa-da, ikki gol qabul qilib, musobaqani tark etdi. Bu natija osiyoliklar o‘rtasidagi raqobat yanada kuchayganini anglatadi.

15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan bahslar muxlislarni his-tuyg‘ularga boy kechga oshno qildi.

Senegal — Uganda 0:1

O‘yinda yagona gol Valusimbi tomonidan kiritildi. Uganda kuchli raqibni ortda qoldirib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Germaniya — Burkina-Faso 0:1

Musobaqaning eng katta sensatsiyasi shu yerda sodir bo‘ldi. Jonatanning 5-daqiqadagi aniq zarbasi Germaniyani titul himoyasidan mahrum qildi.

Janubiy Koreya — Angliya 0:2

Koreyaliklar yaxshi harakat qilganiga qaramay, bir avtogol va bir asosiy gol natijani belgilab berdi.

Italiya — Chexiya 2:0

Arena va Makkaronining gollari italiyaliklarni ishonchli tarzda 1/8 finalga olib chiqdi.

Yaponiya — JAR 3:0

Nixoyatda ishonchli o‘yin! Asada, Yoshida va Fujii gollari Osiyo vakillarining kuchini namoyon qildi.

Venesuela — KXDR 1:2

Koreyslar bosimli o‘yin evaziga g‘alabaga erishdi. Kim Yu Jinning dubli katta ahamiyat kasb etdi.

Avstriya — Tunis 2:0

Oxirgi daqiqalarda kiritilgan penalti va avtogol avstriyaliklarni keyingi bosqichga yetakladi.


Jahon Chempionati, O'smirlar Futboli, Osiyo Vakillari, Germaniya Mag'lubiyati, Burkina- Faso G'alabasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing